O‘zbek tili sertifikati bo‘yicha aprobatsiya imtihoni o‘tkazildi
2025-12-04 18:00:00 / Yangiliklar

Prezidentimiz tashabbusi bilan o‘zbek tilining xalqaro miqyosdagi o‘rni va nufuzini oshirish hamda uni xorijiy mamlakatlarda keng targ‘ib qilish ishlariga alohida e’tibor berilmoqda.
Davlatimiz rahbari soha mas’ullari oldiga o‘zbek tilini o‘rganish istagida bo‘lgan chet el fuqarolari uchun o‘zbek tilini bilish darajasi bo‘yicha malaka sertifikatiga ega bo‘lish imkoniyatini yaratish vazifasini qoʻygan edi.
Ayni shu kunlarda Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan o‘zbek tilini bilish darajasini aniqlash bo‘yicha malaka imtihonining baholash mezonlari, topshiriqlar formati masalalari, umuman, imtihon uchun ishlab chiqilgan “Uzbek language proficiency test” – “Oʻzbek tili bo‘yicha bilim darajasi testi” platformasining ishlash mexanizmini tekshirib ko‘rish maqsadida aprobatsiya sinovlari o‘tkazilmoqda.
Imtihon xalqaro CEFR mezonlari asosida 4 ta ko‘nikma (tinglab tushunish, o‘qish, yozish va gapirish) bo‘yicha o‘zbek tilini bilishning A1, A2 va B1 darajalarini qamrab olgan holda elektron shaklda tashkil etildi. Aprobatsiya jarayonida jami 379 nafar chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ishtirok etdi.
Natijalar tahliliga ko‘ra, imtihon topshiriqlari mazmuni va formati, baholash mezonlari, imtihon davomiyligi hamda platforma funksional imkoniyatlari qayta ko‘rib chiqilib, takomillashtiriladi.
