Surxondaryoda "Korrupsiyaga qarshi kurashish oyligi" doirasida seminar tashkil etildi
2025-11-17 17:05:00 / Yangiliklar

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan "Korrupsiyaga qarshi kurashish oyligi" doirasida bugun viloyatimizda “Maktabgacha va maktab taʼlimi tizimi xodimlarida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, huquqiy ong va madaniyatni yuksaltirish, korrupsiyaga qarshi profilaktika chora-tadbirlarini kuchaytirish" mavzusida seminar o‘tkazildi.
Tadbirda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Korrupsiyaga qarshi kurashish va huquqiy nazorat boshqarmasi boshlig‘i Shaxobiddin Djuraboyev, viloyat Maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasi boshlig‘i Xusniddin Mamadiyev, viloyat prokurorining katta yordamchisi Abdumurod To‘rayev, DXX viloyat boshqarmasi xodimi Abdusalom Raimov, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi viloyat filiali rahbari Murodilla Tursunov, IIB vakillari — Jamshid Nafasov va Shohjahon Rahimovlar, shuningdek, boshqarma apparati xodimlari, hududiy MMTB boshliqlari, ZOOM platformasi orqali tuman va shahar bo‘limlari xodimlari, maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlari rahbarlari ishtirok etdi.
Muloqot davomida korrupsiyaga qarshi kurashishga oid ichki lokal hujjatlar mazmuni, qonunchilik asoslari, “halollik vaksinasi” immunitetini shakllantirishning ahamiyati tushuntirildi. Ta’lim sohasini shaffof, korrupsiyadan holi tizimga aylantirish, yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarlikning oldini olish bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Tadbir davomida korrupsion harakatlarning salbiy oqibatlariga bag‘ishlangan videoroliklar namoyish etilib, ta’lim muassasalari rahbarlari halollik va shaffoflikni ta’minlashda yuqori mas’uliyatli bo‘lishi yana bir bor eslatib o‘tildi.
