JAKIM reyestriga kirish masalalari muhokama qilindi
2026-06-25 12:00:00 / Yangiliklar

Malayziya Islom taraqqiyoti departamenti (JAKIM) vakillari bilan onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekistondagi milliy halol sertifikatlashtirish idorasini JAKIM reyestriga kiritish jarayonlarini jadallashtirish hamda bu boradagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda JAKIMning halol sertifikatlashtirish sohasidagi faoliyati va xalqaro tajribasi haqida ma’lumot almashildi. Qayd etilganidek, mazkur tashkilot muvofiqlikni baholovchi organlar faoliyatini muvofiqlashtirish va ularni tan olish bo‘yicha vakolatli davlat idorasi hisoblanadi.
Tomonlar milliy halol sertifikatlashtirish idorasining JAKIM reyestriga kiritilishi mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladilar. Bu milliy mahsulotlarning xalqaro bozorlarda tan olinishi, eksport geografiyasining kengayishi hamda tashqi savdo jarayonlarida vaqt va xarajatlarni qisqartirishga xizmat qiladi.
Muzokaralar davomida SMIIC standartlarini joriy etish masalalari ham ko‘rib chiqildi. Ushbu standartlar mahsulotlarning xomashyodan tortib tayyor mahsulotgacha bo‘lgan barcha bosqichlarda islom shariati talablari va sanitariya-gigiyena me’yorlariga muvofiqligini ta’minlaydi.
Shuningdek, Malayziya tomoniga mamlakatimizda texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish va muvofiqlikni baholash sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar, xalqaro standartlarni keng joriy etish hamda zamonaviy baholash mexanizmlarini tatbiq etish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berildi.
Uchrashuv yakunida Malayziya tomoni O‘zbekiston bilan halol sertifikatlashtirish sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish va rivojlantirishdan manfaatdor ekanligini bildirdi.

