Oʻzbekiston va Buyuk Britaniya oʻrtasida texnik hamkorlikning yangi istiqbollari muhokama qilindi
2026-06-25 10:00:00 / Yangiliklar

✅Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari Lazizbek Saidoripov Buyuk Britaniyaning Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Timoti Smart bilan uchrashuv oʻtkazdi. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi hamkorligida tashkil etilgan muloqot davomida texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, metrologiya va muvofiqlikni baholash sohalaridagi ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati hamda uni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
✅Uchrashuvda sohadagi institutsional hamkorlikni kengaytirish, ilgʻor tajribalarni joriy etish, xalqaro grantlar va texnik koʻmak dasturlarini jalb qilish, shuningdek, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Tomonlar mazkur yoʻnalishlardagi oʻzaro hamkorlik ikki davlat oʻrtasidagi iqtisodiy va texnik aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilishini taʼkidladilar.
Janob Timoti Smart mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarni yuqori baholab, V Toshkent xalqaro investitsiya forumi yuqori darajada tashkil etilganini qayd etdi. Ushbu nufuzli xalqaro maydon investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish, barqaror iqtisodiy taraqqiyotni taʼminlash hamda davlatlar, xalqaro moliyaviy institutlar va biznes vakillari oʻrtasidagi hamkorlikni kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etayotgani taʼkidlandi.
Muzokaralar chogʻida Buyuk Britaniyaning yetakchi kompaniyalari va moliyaviy institutlari ishtirok etgan forum doirasida ilgari surilgan tashabbuslar ham muhokama qilindi. Xususan, xalqaro moliya infratuzilmasini rivojlantirish, kapital bozorini takomillashtirish, shuningdek, farmatsevtika, sunʼiy intellekt va energetika sohalarida texnologik sheriklikni kengaytirish boʻyicha hamkorlik imkoniyatlari koʻrib chiqildi.
Shu bilan birga, davlat-xususiy sheriklik mexanizmi asosida Buyuk Britaniyaning Intertek Group plc kompaniyasi bilan qoʻshma sinov laboratoriyasini tashkil etish loyihasini jadallashtirish masalasi muhokama qilindi. Mahsulot xavfsizligi va standartlar idorasi (OPSS), Britaniya standartlar instituti (BSI Group), Britaniya milliy metrologiya instituti (NPL) hamda boshqa ixtisoslashgan tashkilotlar bilan hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish yuzasidan fikr almashildi.
✅Uchrashuv yakunida tomonlar texnik jihatdan tartibga solish sohasida ikki tomonlama munosabatlarni yanada mustahkamlash, yangi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish va kadrlar salohiyatini oshirishga qaratilgan qoʻshma tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha hamkorlikni izchil davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar. Shuningdek, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi va Chevening taʼlim dasturi doirasida soha uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash boʻyicha hamkorlikni kengaytirish muhim vazifalardan biri sifatida qayd etildi.




