O‘zbekiston va Shvetsiya o‘rtasida texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
2026-06-20 11:00:00 / Yangiliklar

Beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida O‘zbekiston Texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori Akmal Jumanazarov O‘zbekiston Respublikasining Shvetsiya Qirolligidagi Favqulodda va Muxtor elchisi Rahmatulla Nurimbetov bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot davomida Shvetsiya Milliy savdo kengashi (Kommerskollegium), shuningdek, sifat infratuzilmasi muassasalari bilan texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, metrologiya, muvofiqlikni baholash va bozor nazorati sohalaridagi hamkorlikning bugungi holati hamda istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi. Tomonlar hamkorlik ko‘lamini kengaytirish, soha uchun malakali kadrlar tayyorlash, grant mablag‘lari va texnik ko‘mak loyihalarini jalb etish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Shvetsiya hukumatlari o‘rtasida imzolangan “Migratsiya va mobillik to‘g‘risida”gi bitim hamda mazkur yo‘nalishdagi pilot dasturni amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma deklaratsiya ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqqani ta’kidlandi.
Shuningdek, O‘zbekiston bozorida faoliyat yuritayotgan hamda hamkorlikni kengaytirayotgan Shvetsiyaning Sandvik, ABB, Elekta, AstraZeneca, SKF va Ericsson kabi yetakchi kompaniyalari bilan mahsulotlar sinovi, sifat infratuzilmasi hamda sanoat standartlari sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi. Nordik davlatlari bilan sohaviy aloqalarni mustahkamlash va o‘zaro manfaatli tashabbuslarni ilgari surish yuzasidan fikr almashildi.
Muzokaralar davomida O‘zbekistonni Markaziy Osiyoda metrologiya sohasining innovatsion xabi sifatida rivojlantirish, o‘lchashlar aniqligini oshirish, sanoat tarmoqlarini xalqaro standartlar talablariga moslashtirish, raqamli iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash hamda Kvant metrologiya markazini tashkil etish istiqbollari muhokama qilindi. Shuningdek, metrologiya xizmatlari eksportini kengaytirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida joriy yilning oktabr oyida texnik jihatdan tartibga solish sohasi mutaxassislarining Shvetsiyada malaka oshirish dasturlarida ishtirok etishi, sanoat ko‘rgazmalariga jalb qilinishi, shuningdek, Shvetsiya Milliy savdo kengashi hamda Yevropa institutlarining texnik ko‘mak va grant dasturlarini jalb et


