Malayziya elchixonasi va kompaniyalari vakillari bilan hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi
2026-06-19 10:00:00 / Yangiliklar

Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktorining o‘rinbosari Timur Mashanpin Malayziya elchixonasi vakili Arhan Shah Anuar hamda Malayziyaning Jaafar Industries Sdn Bhd va TRUCAT Global PLT kompaniyalari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Samimiy va konstruktiv ruhda kechgan muloqot davomida texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, muvofiqlikni baholash, akkreditatsiya hamda savdo-texnik hamkorlik sohalarida ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirish va amaliy mazmun bilan boyitish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari so‘nggi yillarda yangi bosqichga ko‘tarilganini alohida ta’kidladilar. Xususan, oliy darajadagi o‘zaro tashriflar natijasida ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlar sezilarli darajada faollashib, tovar ayirboshlash hajmi ortib bormoqda.
Shuningdek, qo‘shma korxonalar sonining ko‘payishi iqtisodiy hamkorlikning izchil rivojlanayotganidan dalolat beradi.
Uchrashuv davomida Malayziyaning JAKIM (Jabatan Kemajuan Islam Malaysia) tashkiloti bilan olib borilayotgan muzokaralarning ahamiyatiga alohida e’tibor qaratilib, O‘zbekistondagi muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiyadan o‘tkazish jarayonlarini jadallashtirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika hamda mehmonxona xizmatlari sohalarida Islom mamlakatlari standartlar va metrologiya instituti (SMIIC) doirasida ishlab chiqilgan standartlarni joriy etish va ilgari surish bo‘yicha hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Muloqot yakunida Texnik jihatdan tartibga solish agentligi hamda Malayziyaning Jaafar Industries Sdn Bhd va TRUCAT Global PLT kompaniyalari o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan hujjatlar imzolandi.
Mazkur uchrashuv texnik jihatdan tartibga solish va standartlashtirish sohalarida xalqaro hamkorlikni kengaytirish, ilg‘or tajriba almashish hamda mahalliy ishlab chiqaruvchilarning xalqaro bozorlarga chiqish imkoniyatlarini yanada oshirishga xizmat qiladi.




