Kimyo sanoatida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar bilan ochiq muloqot: texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi islohotlar va yangi imkoniyatlar
2026-06-19 11:00:00 / Yangiliklar

✅Texnik jihatdan tartibga solish agentligi huzuridagi “Tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash klubi” doirasida “O‘zkimyosanoat” AJ bilan hamkorlikda kimyo sanoati sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlari ishtirokida ochiq muloqot bo‘lib o‘tmoqda.
Tadbir davomida texnik jihatdan tartibga solish sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xalqaro standartlarni joriy etish, muvofiqlikni baholash tizimini takomillashtirish hamda tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan batafsil ma’lumotlar berilmoqda.
✅ Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi PF–25-son Farmonida tadbirkorlar va davlat organlari bilan tizimli muloqotni yo‘lga qo‘yish, sohadagi islohotlarni jadallashtirish hamda xalqaro standartlar asosida yangi mexanizmlarni joriy etish bo‘yicha muhim vazifalar belgilab berilgan.
Ochiq muloqot davomida Farmon doirasida amalga oshirilayotgan yangiliklar, jumladan, eksport bozorlari talablariga mos xorijiy standartlar asosida muvofiqlikni baholash, standartlashtirish tizimini takomillashtirish, xalqaro standartlarni qabul qilish sur’atlarini oshirish, bozor nazoratini kuchaytirish hamda sohani raqamlashtirish borasida olib borilayotgan ishlar yuzasidan taqdimotlar o‘tkazilmoqda.
Shuningdek, kimyo sanoati yo‘nalishida tashkil etilgan STQ 20 “Kimyo sanoati” texnik qo‘mitasi faoliyati, sohada xalqaro standartlarni joriy etish bo‘yicha rejalashtirilgan ishlar hamda tadbirkorlik subyektlariga ko‘rsatilayotgan amaliy ko‘mak masalalari muhokama qilinmoqda.
✅ Tadbir davomida aholini tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan davlat dasturlari, yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tashabbuslar, kredit va subsidiya ajratish mexanizmlari hamda amaldagi qonunchilikda belgilangan soliq va bojxona imtiyozlari yuzasidan aniq va manzilli targ‘ibot-tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Bu orqali tadbirkorlik subyektlarining huquqiy xabardorligini oshirish, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanishini ta’minlash hamda yangi biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsad qilingan.
Muloqot davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan atroflicha javob olish, sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati va kelgusidagi ustuvor vazifalar bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lmoqdalar.




