General Motors kompaniyasi bilan texnik tartibga solish sohasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi
2026-06-19 10:00:00 / Yangiliklar

✅Beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori o‘rinbosari Jo‘rabek Shakarov AQSHning yetakchi avtomobilsozlik kompaniyalaridan biri bo‘lgan General Motors kompaniyasining hukumat idoralari bilan ishlash bo‘yicha rahbari Alan O’Mahony hamda GM Uzbekistan bosh direktori Dongchan Kim bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida savdodagi texnik to‘siqlarni bartaraf etish, texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish va mahsulotlarni sinovdan o‘tkazish sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar mazkur yo‘nalishlardagi hamkorlik ikki mamlakat o‘rtasidagi sanoat va savdo aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladilar.
✅Muzokaralarda General Motors kompaniyasining O‘zbekiston avtomobil sanoatini rivojlantirish va diversifikatsiya qilishdagi muhim o‘rni alohida qayd etildi. Xususan, so‘nggi besh yil davomida mamlakatimizda 1,6 million donadan ortiq avtomobil ishlab chiqarilgani, O‘zbekiston Chevrolet brendi uchun AQSHdan keyingi ikkinchi yirik bozorga aylangani hamda Markaziy Osiyo va MDH davlatlari orasida savdolar bo‘yicha yetakchilik qilayotgani ta’kidlandi.
Shuningdek, xavfsizligi kafolatlanmagan yoki xavfli avtotransport vositalarining muomalaga chiqarilishining oldini olish maqsadida Toshkent viloyati Piskent tumanida joylashgan avtomobil poligoni (sinov majmuasi)dan hamkorlikda foydalanish bo‘yicha taklif bildirildi.
Uchrashuvda General Motors kompaniyasi tomonidan AQSH Federal avtotransport vositalari xavfsizligi standartlari (FMVSS)dan foydalanish va ularni joriy etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish masalasi ham ko‘tarildi. O‘z navbatida, hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasida avtotransport vositalarining muvofiqligini baholash BMT bitimlari doirasida qabul qilingan xalqaro qoidalar asosida amalga oshirilayotgani ma’lum qilindi.
✅Muzokaralar yakunida General Motors kompaniyasi vakillari joriy yilning 22-iyun kuni Vashington shahrida Texnik jihatdan tartibga solish agentligi vakillari bilan navbatdagi uchrashuvni o‘tkazishga tayyor ekanliklarini bildirdilar. Tomonlar o‘zaro manfaatli va ko‘p qirrali hamkorlikni yanada faollashtirish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.





