Yoshlar kuni doirasida Texnik tartibga solish inspeksiyasi inspektorlari bilan ochiq muloqot o‘tkazildi
2026-06-18 11:00:00 / Yangiliklar

✅O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlar bilan uchrashuvida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash hamda davlat organlari va tashkilotlarida “Yoshlar kuni”ni o‘tkazish amaliyoti doirasida O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi rahbariyatining Texnik tartibga solish inspeksiyasi mutaxassislari va inspektorlari bilan ochiq muloqoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Agentlik direktori A. Jumanazarov, direktor maslahatchisi N. Mamadaliyeva, direktor o‘rinbosari T. Mashanpin, Texnik tartibga solish inspeksiyasi boshlig‘i A. Abduraxmanov hamda yosh mutaxassislar ishtirok etdi.
Uchrashuv avvalida Agentlik tomonidan “Yoshlar kuni” munosabati bilan hududlarda muntazam ravishda ochiq muloqotlar tashkil etilayotgani, yoshlarning kasbiy va shaxsiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
✅Ochiq muloqot davomida Agentlik direktori Yevropa Ittifoqining TAIEX dasturi hamkorligida tashkil etilgan “Bozor nazorati: Yevropa tajribasi” mavzusidagi trening-seminar natijalari haqida to‘xtalib, xalqaro ekspertlar tajribasini amaliyotga joriy etishning ahamiyatini ta’kidladi. Shuningdek, qonunbuzilishlarning oldini olish, nazorat tizimini takomillashtirish hamda sohaga sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarni keng joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbirda yoshlarning xalqaro ta’lim dasturlari, grantlar va malaka oshirish loyihalarida faol ishtirok etishi, xorijiy tillarni puxta o‘rganishi bugungi kunning muhim talabi ekani qayd etildi. Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olib, sohani yanada rivojlantirish bo‘yicha taklif va mulohazalarini bildirdilar.
Uchrashuv yakunida Agentlik rahbari yoshlarning bilim va salohiyatini muntazam oshirib borishi, zamonaviy ko‘nikmalarni egallashi hamda iste’molchilar manfaatlarini himoya qilish, sifatsiz mahsulotlarning bozorda aylanishining oldini olish yo‘lidagi mas’uliyatli faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar tiladi.




