Koreya tajribasi asosida texnik tartibga solish va sifat infratuzilmasini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi
2026-06-17 11:00:00 / Yangiliklar

✅Toshkent shahrida bo‘lib o‘tayotgan Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Lazizbek Saidoripov Koreyaning KATRI Testing & Research Institute loyiha menejeri Min-seung Kim boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
✅Uchrashuv davomida Koreya tomonidan 2024–2026-yillarda “Uzbekistan Textile Standard & Certification Capacity Building Program” grant dasturi doirasida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar hamda kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlari haqida ma’lumot berildi.
Muloqot davomida energiya samaradorligi, mahsuldorlik va global ekologik me’yorlarga muvofiqlik bo‘yicha texnik qo‘llanma ishlab chiqish, kir yuvish mashinalari ishlab chiqaruvchilari hamda sinov muassasalari uchun sinov usullarini takomillashtirish, shuningdek, o‘yinchoq mahsulotlarini sinovdan o‘tkazish yo‘nalishlarida yangi loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
✅Shuningdek, Janubiy Koreyada amalga oshirilayotgan Size Korea loyihasini O‘zbekistonda joriy etish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi. Mazkur loyiha aholi tana o‘lchamlari va jismoniy ko‘rsatkichlarini o‘rganish asosida milliy ma’lumotlar bazasini shakllantirishga qaratilgan bo‘lib, mahsulotlarni iste’molchilar ehtiyojlariga moslashtirish, standartlarni takomillashtirish hamda ishlab chiqarish samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Uchrashuvda to‘qimachilik mahsulotlarining sifati va xavfsizligini ta’minlash, ularning texnik reglamentlar hamda xalqaro standartlar talablariga muvofiqligini baholash, laboratoriya sinovlarini rivojlantirish, mavjud sinov infratuzilmasidan samarali foydalanish va bozor nazoratini takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.




