“MDHning eng yaxshi yosh metrologi” I-Xalqaro tanlovi o‘z ishini boshladi
2026-06-16 14:00:00 / Yangiliklar

✅Bugun Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg shahrida “Kelajak bizniki” shiori ostida o‘tkazilayotgan IV-Xalqaro ilmiy-amaliy yosh olimlar va mutaxassislar anjumani doirasida “MDHning eng yaxshi yosh metrologi” I-Xalqaro tanlovining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
✅Mazkur nufuzli tanlov MDHning standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish bo‘yicha Davlatlararo kengashi hamda MDH Iqtisodiy kengashi qarorlariga muvofiq tashkil etilgan bo‘lib, unda MDHga a’zo davlatlardan 40 nafar yosh mutaxassis ishtirok etmoqda.
✅Tanlovda Rossiya Federatsiyasidan 23 nafar, Belarus Respublikasidan 5 nafar, O‘zbekiston Respublikasidan 5 nafar, Qozog‘iston Respublikasidan 3 nafar, Ozarbayjon Respublikasidan 3 nafar hamda Turkmanistondan 1 nafar vakil qatnashmoqda.
Tanlov Ilmiy qo‘mitasining 2026-yil 30-apreldagi qaroriga muvofiq, O‘zbekiston nomidan O‘zbekiston milliy metrologiya instituti xodimlari — Islombek Ergashev, Azamat Taubaldiyev, Otabek Rajabov, Ahmadbek Muhammadaminov hamda Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti vakili Ruslan Kuluyev tanlovda ishtirok etish uchun saralab olindi.
✅Shuningdek, O‘zbekiston tomonidan tanlovning Ilmiy qo‘mitasi a’zolari — Klimushin Gennadiy va Hikmat Mahmudov ham ishtirok etib, taqdim etilgan ilmiy ishlarni baholash hamda g‘olib va sovrindorlarni aniqlash jarayonida faol qatnashmoqdalar.
Mazkur xalqaro tanlov va konferensiya yosh metrologlarning ilmiy salohiyatini namoyon etish, ilg‘or tajribalarni almashish, metrologiya sohasidagi innovatsion g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash hamda MDH davlatlari o‘rtasidagi professional hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
✅O‘zbekiston milliy metrologiya instituti jamoasi nomidan tanlov ishtirokchilariga muvaffaqiyat, yuksak natijalar va yangi ilmiy yutuqlar tilaymiz.




