Qog‘oz mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyati o‘rganildi
2026-06-16 11:00:00 / Yangiliklar

✅Texnik tartibga solish agentligi direktori A. Jumanazarov tomonidan Toshkent shahrining Yunusobod tumanida faoliyat yuritayotgan qog‘oz mahsulotlari ishlab chiqaruvchi qator korxonalar faoliyati o‘rganildi.
✅Jumladan, “Super Pack” MChJ, “Euro Pack” MChJ, “Premium Flex” MChJ, “Snow Whayt Paper” MChJ hamda “Credo Print” MChJ korxonalarida ishlab chiqarish jarayonlari, mahsulot sifati va amaldagi talablar asosida olib borilayotgan ishlar bilan tanishildi. Mazkur korxonalar oziq-ovqat mahsulotlari, meva-sabzavotlar va boshqa turdagi mahsulotlar uchun qadoqlash vositalari hamda poligrafiya mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.
Korxonalar rahbarlari va mas’ul xodimlari bilan o‘tkazilgan muloqotlarda qog‘oz mahsulotlari sifatini oshirish, qadoqlash mahsulotlarini ishlab chiqarishda texnik reglamentlar talablariga rioya qilish, mahsulotlarni xalqaro standartlarga muvofiq laboratoriya sinovlaridan o‘tkazish hamda xalqaro talablar asosida ishlab chiqarishni tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
✅Shuningdek, qadoqlash mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar reyestriga kirishning afzalliklari va bu orqali tadbirkorlar uchun yaratiladigan qo‘shimcha imkoniyatlar haqida tushuntirishlar berildi.
Muloqotlar davomida korxonalarda zamonaviy laboratoriyalarni tashkil etish, ishlab chiqarish jarayonlarini kengaytirish, mahsulotlar raqobatbardoshligini oshirish hamda eksport salohiyatini mustahkamlash yuzasidan fikr almashilib, tegishli tavsiyalar berildi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi PF–25-son Farmoni asosida tadbirkorlar uchun yaratilgan imkoniyat va imtiyozlar, texnik jihatdan tartibga solish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, standartlashtirish va metrologiya yo‘nalishlarida ko‘rsatilayotgan xizmatlar haqida batafsil ma’lumotlar taqdim etildi.
Uchrashuv yakunida korxona vakillarining sohaga oid savollariga javob berildi hamda o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish va xodimlar malakasini oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.





