Tojikistonda metrologiyaning 100 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi
2026-06-11 14:00:00 / Yangiliklar

✅ Tojikiston Respublikasining poytaxti Dushanbe shahrida mamlakatda metrologiya sohasi tashkil etilganining 100 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.
✅ Mazkur nufuzli tadbirda Armaniston, Ozarbayjon, Belarus Respublikasi, Rossiya, Turkiya, Xitoy va O‘zbekiston metrologiya muassasalari, shuningdek Xalqaro o‘lchovlar va tarozilar byurosi (BIPM), Yevroosiyo davlat metrologiya muassasalari hamkorligi (COOMET) hamda Ko‘rfaz davlatlari metrologiya assotsiatsiyasi (GULFMET) vakillari ishtirok etdilar.
✅ Konferensiya davomida metrologiya sohasining bir asrlik taraqqiyot yo‘li, uning iqtisodiyot, sanoat, ilm-fan va innovatsion rivojlanishdagi ahamiyati, shuningdek zamonaviy sifat infratuzilmasini shakllantirishdagi o‘rni muhokama qilindi.
O‘zbekiston delegatsiyasi ham tadbirda faol ishtirok etib, mamlakatimizda metrologiya sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, milliy etalonlar bazasini rivojlantirish, raqamli va sanoat metrologiyasini takomillashtirish hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ma’ruzalar taqdim etdi.
✅ Tadbir ishtirokchilari O‘zbekiston Milliy metrologiya instituti tomonidan qonunlashtiruvchi metrologiya, yashil iqtisodiyot hamda o‘lchash jarayonlariga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan amaliy ishlarga alohida e’tibor qaratdilar.





