O‘zbekiston va Yaponiya texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi hamkorlikni kengaytiradi
2026-06-10 10:00:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori Akmal Jumanazarov Yaponiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Kenji Hirata bilan uchrashdi.
Uchrashuvda texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, metrologiya va muvofiqlikni baholash sohalaridagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari, malakali kadrlar tayyorlash, grantlar hamda texnik ko‘mak loyihalarini jalb etish masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralar davomida Yaponiya bilan sanoat, energetika va ilmiy-texnik yo‘nalishlardagi hamkorlikni kengaytirish, ilg‘or tajribalarni joriy etish hamda laboratoriyalar salohiyatini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, Orolbo‘yi hududida amalga oshirilayotgan ekologik va ilmiy loyihalar yuzasidan ham fikr almashildi.
Ma’lumot uchun, 2025-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 388,6 million AQSH dollarini tashkil etdi. Mamlakatimizda Yaponiya kapitali ishtirokidagi 120 dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda hamda energetika, kimyo sanoati, sog‘liqni saqlash va suv ta’minoti sohalarida yirik qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.
Tomonlar Global sifat infratuzilmasi indeksi (GQII) bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, mahsulotlarni sinash va laboratoriya imkoniyatlarini rivojlantirishga qaratilgan loyihalar yuzasidan fikr almashdilar. Shuningdek, Japan International Cooperation Agency, Japanese Industrial Standards Committee hamda National Metrology Institute of Japan bilan hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish masalalari ko‘rib chiqildi.
Muloqot davomida texnik jihatdan tartibga solish sohasida mutaxassislar malakasini oshirish, tajriba almashish dasturlarini yo‘lga qo‘yish va qo‘shma o‘quv loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha qator takliflar ilgari surildi.
Shuningdek, elchi
Kenji Hirata
O‘zbekiston Milliy metrologiya instituti laboratoriyalari va milliy etalonlar bazasi faoliyati bilan tanishdi. Laboratoriyalarda yaratilgan sharoitlar hamda texnik infratuzilma xalqaro talablar darajasida ekanligi e’tirof etildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish va metrologiya sohalarida ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish, yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda o‘zaro manfaatli aloqalarni mustahkamlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.





