Texnik jihatdan tartibga solish sohasida O‘zbekiston–Shvetsiya hamkorligining yangi istiqbollari
2026-06-09 11:00:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori Akmal Jumanazarov Shvetsiya Qirolligining O‘zbekistondagi elchisi Danestad Tomas hamda Shvetsiya Milliy Savdo Kengashi (Kommerskollegium)ning xalqaro savdo siyosati bo‘yicha katta maslahatchisi Berg Kristoffer bilan uchrashuv o‘tkazdi.
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi hamda O‘zbekistonning Shvetsiyadagi elchixonasi hamkorligida tashkil etilgan uchrashuvda texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, metrologiya, muvofiqlikni baholash va bozor nazorati sohalaridagi hamkorlikning bugungi holati hamda istiqbollari muhokama qilindi.
Muloqot davomida ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, ta’lim va innovatsiyalar yo‘nalishlaridagi hamkorlik izchil rivojlanib borayotgani qayd etildi.
Shuningdek, malakali kadrlar tayyorlash, texnik ko‘mak va grantlarni jalb etish, xalqaro tajribani joriy etish hamda texnik reglamentlarni takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuvda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, ochiq tashqi siyosat hamda Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish va Yevropa Ittifoqi bilan sheriklikni mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlar mamlakatning xalqaro nufuzini oshirayotgani ta’kidlandi.
Joriy yilning 14–15-aprel kunlari Shvetsiya Milliy Savdo Kengashi texnik ko‘magi doirasida xalqaro amaliyot va texnik jihatdan tartibga solish ta’sirini baholash natijalari asosida texnik reglamentlarni qayta ko‘rib chiqishga bag‘ishlangan trening-seminar tashkil etilgani e’tirof etildi.
Muloqot davomida O‘zbekistonni Markaziy Osiyoda metrologiya bo‘yicha yetakchi markazga aylantirish maqsadida O‘zbekiston milliy metrologiya instituti tomonidan milliy etalonlar bazasini kengaytirish, xalqaro integratsiyani kuchaytirish va raqamlashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Shuningdek, Jahon savdo tashkilotiga a’zo mamlakatlar bozorlariga kirishda standartlarning o‘rni va ahamiyati, milliy qonunchilikni JST talablari bilan uyg‘unlashtirish, “El-yurt umidi” jamg‘armasi, Shvetsiya Milliy Savdo Kengashi hamda Yevropa Ittifoqining texnik ko‘mak va grant dasturlari, GSP+ tizimi imkoniyatlaridan samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi.
Shvetsiya Qirolligi delegatsiyasi Agentlikning Situatsion tahlil markazi faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni yanada kengaytirish, muhokama qilingan tashabbus va loyihalarni amaliyotga joriy etishni jadallashtirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.





