Ispaniya Ijtimoiy huquqlar va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish vazirligi vakillari bilan onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2026-06-08 16:00:00 / Yangiliklar

Ispaniya Ijtimoiy huquqlar va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish vazirligi (Ministry of Social Rights, Consumer Affairs and the 2030 Agenda) vakili janob Jose I. Viton bilan uchrashuvda Ispaniya tajribasida bozor nazorati masalasiga e’tibor qaratildi.
Ma’lumot uchun, Ispaniya Ijtimoiy huquqlar va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish vazirligi mamlakat fuqarolarining ijtimoiy himoyasini ta’minlash, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, bozorlarni tartibga solish hamda BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish uchun mas’ul davlat organi hisoblanadi.
Uchrashuvda xabar berilganidek, Ispaniyada bozor nazoratiga mas’ul 17 ta vazirlik va agentlik faoliyat ko‘rsatadi. Bozor nazorati mahsulot yoki xizmat turiga qarab taqsimlanganligi sababli, mamlakatda yagona bozor nazoratini amalga oshiruvchi organ mavjud emas.
Ispaniyalik ekspertlar O‘zbekistondagi yangi qonunchilik, riskka asoslangan nazorat tizimi, raqamli axborot tizimlari, mahsulotlarni bozordan chaqirib olish mexanizmlari hamda xalqaro standartlarga moslashuv iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va milliy mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladilar.
Shuningdek, samarali bozor nazorati nafaqat mahsulotlar xavfsizligini ta’minlashi, balki iqtisodiy o‘sish va eksport salohiyatini kuchaytirishga ham xizmat qilishi yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida bozor nazorati bo‘yicha milliy inspektorlarni tayyorlash, ularning Ispaniyada malaka va tajribasini oshirish hamda amaliyot o‘tashini tashkil etish masalalari bo‘yicha kelishuvga erishildi.


