Yoshlar kuni doirasida talabalar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi
2026-06-05 11:00:00 / Yangiliklar

🔘 O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlar bilan uchrashuvida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash hamda har haftaning payshanba kuni davlat organlari va tashkilotlarida “Yoshlar kuni”ni o‘tkazish amaliyoti doirasida O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi rahbariyatining Toshkent viloyatidagi Milliy tadqiqot texnologik universiteti “MISIS”ning Olmaliq filiali talabalari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
🔘 Tadbirda Agentlik direktori Akmal Jumanazarov, direktor maslahatchisi Naibaxon Mamadaliyeva, universitet filiali direktori Farxodbek Umarov hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.
🔘 Uchrashuv avvalida filial direktori Farxodbek Umarov oliy ta’lim muassasasining faoliyati, ta’lim jarayoni va talabalar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berdi.
🔘 Ochiq muloqot davomida Agentlik direktori standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish yo‘nalishlarida tahsil olayotgan hamda ilmiy izlanishlar olib borayotgan yoshlar uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar haqida so‘z yuritdi. Xususan, iqtidorli talabalarning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasi, Beruniy va Ibn Sino nomidagi davlat stipendiyalari hamda boshqa nufuzli tanlovlarda ishtirok etish imkoniyatlari haqida tushunchalar berildi.
🔘 Shuningdek, Agentlik tomonidan oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda malakali kadrlar tayyorlash, talabalarning amaliy bilim va ko‘nikmalarini oshirish, ularni ilmiy-tadqiqot va ishlab chiqarish jarayonlariga keng jalb etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
🔘 Uchrashuvda yoshlarning xalqaro ta’lim dasturlari va grantlarda ishtirok etishi, jumladan, “El-yurt umidi” jamg‘armasi imkoniyatlaridan samarali foydalanish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
🔘 Muloqot davomida mamlakatimizda texnik jihatdan tartibga solish va sifat infratuzilmasini rivojlantirish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar hamda O‘zbekistonning Global sifat infratuzilmasi indeksi (GQII)da erishgan natijalari xususida ham fikr almashildi.
🔘 Tadbir yakunida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldilar. Agentlik rahbari bugungi kunda yoshlar uchun chuqur bilim, keng dunyoqarash va xorijiy tillarni puxta egallash muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlab, ularning kelgusi faoliyatiga muvaffaqiyat tiladi.




