Sifat infratuzilmasini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi
2026-05-20 16:00:00 / Yangiliklar

✅ O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligida Agentlik direktori Akmal Jumanazarov boshchiligida sifat infratuzilmasini rivojlantirish, xalqaro standartlarni joriy etish hamda sifat menejerlari faoliyati samaradorligini oshirish masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
✅ Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi PF–25-son Farmoni ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi. Xususan, 2026-yil 1-apreldan davlat organlari va davlat ishtirokidagi 36 ta tashkilotda rahbar o‘rinbosarlaridan biriga sifat menejeri vazifasi yuklatilgani hamda ular faoliyati uchun aniq samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) belgilanganligi qayd etildi.
✅ Bugungi kunda 35 ta tashkilotda sifat menejerlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ular tomonidan xalqaro standartlarni ishlab chiqish va joriy etish, mahsulotlarni xalqaro talablarga mos ishlab chiqarish hamda mutaxassislar malakasini oshirish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.
✅ Shuningdek, sifat menejerlari uchun “Texnik tartibga solish, standartlashtirish va metrologiya yo‘nalishlari” bo‘yicha maxsus o‘quv dasturi ishlab chiqilgani, amaliy seminar-treninglar tashkil etilgani ta’kidlandi.
✅ Muhokamalar davomida sifat menejerlarining KPI ko‘rsatkichlari doirasida 145 ta xalqaro standartni ishlab chiqish va joriy etish, 40 turdagi mahsulotni xalqaro talablar asosida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish hamda 247 nafar mas’ul xodimning malakasini oshirish rejalashtirilgani ma’lum qilindi.
Tadbirda standartlashtirish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarga ham alohida e’tibor qaratildi. Hozirgi kunda vazirlik va idoralar qoshida 37 ta texnik qo‘mita faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ularda 956 nafar mutaxassis ishtirok etmoqda. Joriy yil davomida ushbu texnik qo‘mitalar tomonidan 924 ta milliy standart ishlab chiqilishi rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, O‘zbekiston vakillarining ISO va IEC xalqaro texnik qo‘mitalaridagi ishtiroki kengayib borayotgani, xalqaro standartlar loyihalarida milliy manfaatlar ilgari surilayotgani qayd etildi.
Davra suhbatida milliy standartlarni xalqaro talablar bilan uyg‘unlashtirish darajasi 44,1 foizga yetgani, 2026–2028-yillarda esa 7 865 ta xalqaro standartni qabul qilish belgilanganligi alohida ta’kidlandi.
Tadbir davomida menejment tizimlarini joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ham ma’lumot berildi. Xususan, 2025-yil yakuniga ko‘ra 1 691 ta korxonada 2 739 ta menejment tizimi standarti joriy etilgani, 2026-yilning yanvar–may oylarida esa 382 ta korxonaga 868 ta menejment tizimi joriy qilingani ma’lum qilindi.
✅ Yakunda sifat infratuzilmasini xalqaro talablar asosida rivojlantirish, xalqaro ekspertlar sonini oshirish, texnik qo‘mitalar faoliyatini jadallashtirish hamda “Sifat bo‘yicha ko‘makchi” elektron platformasini ishga tushirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olindi.




