
Yoshlar siyosati

Xar payshanba yoshlar kuni munosabati bilan tuman hokimi Hayot Davlatov tumandagi bir qator ta’lim muassasalarida bo‘lib, yoshlar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi hamda ularning ta’lim olishi, sport bilan shug‘ullanishi va bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Dastlab tuman hokimi “Olimpiya va milliy sport turlariga ixtisoslashgan maktab-internati” faoliyati bilan tanishdi. Tashrif davomida ta’lim muassasasida yoshlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, sport infratuzilmasi hamda o‘quv-mashg‘ulot jarayonlari ko‘zdan kechirildi. Maktabda tashkil etilgan sport musobaqalari jarayoni bilan tanishilib, o‘quvchilarning sportga bo‘lgan qiziqishi, ularning jismoniy tayyorgarligi hamda erishayotgan natijalari alohida e’tirof etildi.
Shuningdek, o‘quvchilar o‘rtasida o‘tkazilgan “Zakovat” intellektual o‘yinida ishtirok etilib, yoshlarning bilim darajasi, mantiqiy fikrlash qobiliyati va intellektual salohiyati bilan yaqindan tanishildi. Yoshlarning intellektual salohiyatini rivojlantirish, ularni ilm-fan va innovatsiyaga keng jalb etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tashrif davomida maktab bitiruvchilari hamda tarbiyalanuvchilari bilan uchrashuv o‘tkazilib, yoshlar bilan ochiq va samimiy muloqot tashkil etildi. Uchrashuv jarayonida yoshlarning ta’lim olish, sport bilan shug‘ullanish hamda kelgusidagi maqsad va rejalari yuzasidan fikr-mulohazalari tinglandi. Bildirilgan muammo va takliflar o‘rganilib, ularni hal etish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilandi.
Shundan so‘ng tuman hokimi tumandagi 28-son umumiy o‘rta ta’lim maktabi faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi. Maktabda tashkil etilgan sport to‘garaklari hamda fan to‘garaklari faoliyati ko‘zdan kechirilib, o‘quvchilarning bilim olishi va bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish borasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishildi.
Xususan, maktabda o‘zbek jang san’ati hamda dzyudo sport turlari bo‘yicha shug‘ullanayotgan o‘quvchilar tomonidan erishilayotgan yutuqlar alohida e’tirof etildi. Mazkur sport yo‘nalishlarida faol qatnashib, tuman va viloyat miqyosidagi musobaqalarda munosib natijalarga erishayotgan yoshlar bilan samimiy suhbat o‘tkazildi. Ularning sportdagi muvaffaqiyatlari, kelgusidagi rejalari hamda yurtimiz sporti rivojiga qo‘shayotgan hissasi haqida fikr almashildi.
Shuningdek, 28-son umumiy o‘rta ta’lim maktabi bitiruvchilari hamda ularning ota-onalari bilan ham uchrashuv tashkil etildi. Uchrashuv davomida bitiruvchilarning kelgusidagi rejalari, oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish, kasb tanlash hamda professional faoliyatga oid maqsadlari yuzasidan ochiq muloqot o‘tkazildi. Yoshlarning o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlari, ularni amalga oshirish imkoniyatlari va istiqbollari atroflicha muhokama qilinib, ta’lim olish jarayonida qat’iyatli bo‘lish, bilim va ko‘nikmalarni muntazam oshirib borish bo‘yicha foydali tavsiyalar berildi.
Tashriflar davomida ta’lim muassasalarida mavjud muammo va takliflar ham o‘rganilib, ularni bartaraf etish, ta’lim sifati va sport infratuzilmasini yanada rivojlantirish, yoshlar uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha tegishli mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi.
Yoshlar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan mazkur uchrashuvlar yoshlarning bilim olishga, sport bilan muntazam shug‘ullanishga hamda kelajakda yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shadigan barkamol avlod bo‘lib voyaga yetishiga xizmat qilishi ta’kidlandi.


