Barcha temiryo’l stansiyalari nomlari davlat tili qoidalariga muvofiqlashtiriladi
2025-10-20 15:00:00 / Yangiliklar
O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi va “Geografik obyektlarning nomlari to‘g‘risida”gi qonunlariga muvofiq hamda Geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari bo‘yicha respublika komissiyasining xulosasiga ko’ra, muhandislik-texnika infratuzilmasi obyektlari nomlarini davlat tili qoida va me’yorlariga muvofiqlashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 17-oktabrda qabul qilingan 651-sonli qarorida “O’zbekiston temir yo’llari” aksiyadorlik jamiyati tizimidagi barcha obyektlarning nomlari lotin yozuviga asoslangan o’zbek alifbosi qoidalariga mos shaklda qayta yozilishi belgilandi.
Xususan:
• Qo’ng’irot tumanidagi vokzal nomi “Kungrad” o’rniga “Qo’ng’irot” deb yoziladi;
• Asaka tumanidagi temiryo’l stansiyasi “Assake” o’rniga “Asaka”;
• Pastdarg’om tumanidagi stansiya esa “Djuma” o‘rniga “Juma” tarzida rasmiylashtiriladi.
Shuningdek, ushbu o‘zgarishlar peshlavhalar, axborot ko‘rsatkichlari, elektron ma’lumot tizimlari va navigatsiya belgilarida ham aks ettiriladi.
Qarorga binoan, barcha zarur texnik va tashkiliy ishlar uch oy muddatda yakunlanishi belgilangan.
