Ijro intizomi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi
2025-10-17 11:00:00 / Yangiliklar

Transport vazirning birinchi o‘rinbosari M.Omarov olib borgan yig‘ilishda vazirlik markaziy apparati vakillari, tizim tashkilotlari rahbarlari hamda hudud vakillari (onlayn tarzda) ishtirok etishdi.
Unda 2025-yilning o‘tgan davrida ijro intizomining holati, erishilgan natijalar, yo‘l qo‘yilgan ayrim kamchiliklar hamda ijro intizomini yanada mustahkamlash bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar tahlil qilindi.
Vazir birinchi o‘rinbosari M.Omarov yig‘ilishda hujjatlar bilan ishlashni tashkil etish va ijro intizomini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilishi, O‘zbekiston Respublikasining Qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmon, qaror, farmoyish va topshiriqlari ijrosini belgilangan muddatlarda, to‘laqonli va sifatli ta’minlash hamda ijro intizomini mustahkamlash yuzasidan barcha darajadagi rahbar va mutaxassislarning shaxsiy mas’uliyati va javobgarligini kuchaytirish zarurligini ta’kidlab o‘tdi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 25-iyuldagi “Davlat organlari va tashkilotlarida ijro intizomini yanada mustahkamlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–117-son Farmonida belgilangan vazifalar mazmun-mohiyati ishtirokchilarga yana bir bor tushuntirildi.
Tizim orqali nazoratga olingan hujjatlarning bajarilishi, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash holati muhokama qilinib, har bir topshiriq ijrosini o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash yuzasidan mas’ullarga topshiriqlar belgilandi.




