JAMOATCHILIK ESHITUVI O‘TKAZILDI
2025-05-07 15:00:00 / Yangiliklar

“Toshshahartransxizmat” AJ tasarrufidagi 2-avtobus saroyida bo‘lib o‘tgan tadbirda O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, “Yuksalish” umummilliy harakati, Toshkent shahar hokimligi, Respublika nogironlar uyushmasi, Toshkent shahar “Millenium” nogiron yoshlar ijtimoiy-huquqiy reabilitatsiya markazi, Toshkent shahar Sergeli va Yangi hayot tumanlari nogironlar jamiyati vakillari hamda Transport vazirligi, Toshkent shahar transport boshqarmasi, “Toshkent metropoliteni” DUK hamda “Toshshahartransxizmat” AJ tarkibidagi korxona rahbarlari va haydovchilar ishtirok etishdi.
Jamoatchilik nazorati tartibida o‘tkazilgan monitoring natijalari xulosasiga bag‘ishlangan jamoatchilik eshituvida shahar jamoat transportida imkoniyati cheklangan shaxslarning harakatlanishi uchun yaratilgan imkoniyatlar, ushbu shaxslar huquqlariga rioya etilishining ta’minlanish holati va bu boradagi dolzarb masalalar muhokama etildi.
Tadbirning ochilishida Transport vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi raisi Sayyora Xodjayeva mamlakatimizda «Inson qadri uchun» degan ezgu tamoyil asosida olib borilayotgan islohotlarga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Xususan, mamlakatimizda inklyuziv jamiyatni rivojlantirish va imkoniyati cheklangan shaxslar uchun maqbul muhitni yaratish, jamiyatdagi ayrim stereotiplarni bartaraf etish hamda bu borada davlat va nodavlat tashkilotlarining o‘rni va o‘zaro hamkorlikdagi harakatlarining ahamiyati xususida fikr bildirdi.
Yig‘ilishda imkoniyati cheklangan shaxslar uchun shahar jamoat transporti qulayligi monitoringi natijalari yuzasidan Toshkent shahar “Millenium” nogiron yoshlarni ijtimoiy-huquqiy reabilitatsiya markazi raisi Guljahon Mahmatqulova, poytaxtimizning Sergeli va Yangi hayot tumanlari nogironlar jamiyati rahbari Gulnoza Sharipova va O‘zbekiston nogironlar uyushmasi raisi Komil Abdullayevlar o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etishdi.
Tadbirda imkoniyati cheklangan shaxslar uchun maqbul muhitni yaratish borasida so‘nggi yillarda shahar jamoat transporti tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarga alohida to‘xtalib o‘tdi. Xususan, harakat tarkibining yangilanishi past polli zamonaviy avtobuslarning olib kelingani alohida e’tirof etildi.
Shu bilan birga, imkoniyati cheklangan fuqarolarning shahar jamoat transporti, xususan, avtobuslar xizmatidan foydalangan holda bir manzildan ikkinchi manzilga xavfsiz yetib olishini ta’minlashda haydovchilarning malakasi va mas’uliyatini oshirish lozimligi ta’kidlab o‘tildi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Jasur Jumayev jamoat transportida nogironlar uchun yaratilgan sharoitlar va kamchiliklar yuzasidan alohida to‘xtalib o‘tdi. Ayniqsa metropolitenda nogironligi bor shaxslar uchun to‘siqsiz muhit yaratish borasidagi ishlarni jadallashtirish zarurligini ta’kidlab o‘tdi.
Shu o‘rinda eslatib o‘tish lozim, 2017-yil 1-dekabrdagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab–quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora–tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–5270-sonli Farmonga ko‘ra, 2018-yil 1-martdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga moslashtirilmagan shahar yo‘lovchi transporti vositalarini sotib olish taqiqlangan.
Shuningdek, davlatimiz rahbarining 2023-yil 16-fevraldagi ““Jamoat transporti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi” PQ-59-sonli qarorga asosan hududlarda brutto–shartnoma asosida tashkil etiladigan muntazam shahar avtobus yo‘nalishlarida nogironligi bo‘lgan shaxslarga moslashtirilgan avtobuslarda faoliyat ko‘rsatish majburiyati yuklatilgan.
Ma’lumot uchun: 2017-yil 1-dekabrdagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab–quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora–tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5270-sonli Farmoniga ko‘ra, 2018- yil 1- martdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga moslashtirilmagan shahar yo‘lovchi transporti vositalarini sotib olish taqiqlangan.
Shuningdek, 2023-yil 16-fevraldagi “Jamoat transporti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-59-sonli qarorga asosan hududlarda brutto–shartnoma asosida tashkil etiladigan muntazam shahar avtobus yo‘nalishlarida nogironligi bo‘lgan shaxslarga moslashtirilgan avtobuslarda faoliyat ko‘rsatish majburiyati yuklatilgan.
Respublika bo‘yicha 2023-2024 yillar mobaynida 1700 dan ortiq yangi avtobuslar xarid qilindi, mazkur avtobuslar nogironligi bo‘lgan shaxslarga uchun barcha qulayliklarga ega bo‘lib, nogiron shaxslarni avtobusga tushib chiqishlariga moslashtirilgan hamda maxsus o‘rindiqlar va panduslar bilan jihozlangan.
Shuningdek, yer osti metro bekatlarida nogironligi bo‘lgan shaxslarga to‘siqsiz muhit yaratish maqsadida “Xalqlar do‘stligi” yer osti metro bekatini moslashtirish bo‘yicha namunaviy taklif loyiha ishlab chiqildi. Bugungi kunda mazkur loyihaga muvofiq imkoniyati cheklangan shaxslar, keksa yoshdagilar va bolalar aravachasi bilan harakatlanayotgan yo‘lovchilarni metropolitenning vestibyul va platforma qismiga olib tushish/olib chiqishga mo‘ljallangan maxsus platforma liftlari “Xalqlar do‘stligi” va “Buyuk ipak yo‘li” bekatlarida o‘rnatildi. Joriy yil yakuniga qadar yana 16 ta bekatda ana shunday qurilmalar (ko‘targichlar) o‘rnatilishi rejalashtirilgan.









