“Savodxon tashkilot — savodli jamiyat”: umummilliy diktant g‘oliblari aniqlandi
2026-10-20 18:00:00 / Yangiliklar

Avval xabar berganimizdek, 21-oktabr — O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan Transport vazirligida “Savodxon tashkilot — savodli jamiyat” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir hamda umummilliy diktant tashkil etilgan edi.
Tadbir davomida o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi maqomi, uning tarixiy ahamiyati, bugungi kunda ona tilimizni rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor, shuningdek, ushbu yo‘nalishda qabul qilingan hujjatlar va ularning ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berilgan edi.
Diktant orqali xodimlarning yozma savodxonligi, imlo qoidalariga rioya qilishi va o‘zbek adabiy tili me’yorlarini qo‘llash ko‘nikmalari sinovdan o‘tkazildi.
🏆 Diktant natijalariga ko‘ra, yuqori natijalarga erishgan quyidagi xodimlar Transport vazirligi Birlashgan kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan esdalik sovg‘alari va kitoblar to‘plami bilan taqdirlandi:
Sindorov Baxtinur — Investitsiyalar, grantlarni jalb qilish va DXShni rivojlantirish bo‘limi bosh mutaxassisi, vazirlik yoshlar yetakchisi;
Gaibnazarova Shoxsanam — Inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish bo‘limi bosh mutaxassisi;
G‘ayratov Behzod — Transformatsiya va loyiha ofisi bosh konsultanti;
Ro‘ziyeva Fazilat — “Uzautotrans service” MCHJ mutaxassisi;
Yo‘ldosheva Farangiz — “Uzavtovokzal servis” MCHJ mutaxassisi.
G‘oliblarni samimiy tabriklaymiz va ularga kelgusidagi faoliyatida muvaffaqiyatlar tilaymiz!
Zero, ona tiliga hurmat — Vatanga hurmat. Har bir so‘zni to‘g‘ri yozish, fikrni ravon ifodalash va davlat tilida ish yuritish madaniyatiga rioya qilish tilimiz nufuzini yuksaltirishga xizmat qiladi.









