O‘zbekiston delegatsiyasi ITS World Congress 2026 xalqaro kongressida ishtirok etmoqda
2026-10-20 11:00:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 19 – 23-oktabr kunlari davom etadigan xalqaro kongress “Harakatlanish doirasidan tashqari — o‘zaro bog‘langan dunyo” (“Beyond Mobility, Connected World”) mavzusiga bag‘ishlangan bo‘lib, unda dunyoning turli mamlakatlaridan davlat organlari vakillari, xalqaro tashkilotlar, soha mutaxassislari va yetakchi kompaniyalar vakillari ishtirok etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi transport vaziri o‘rinbosari Ilhomjon Abdugafarov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Koreya Respublikasining Kannin shahrida bo‘lib o‘tayotgan ITS World Congress 2026 — Intellektual transport tizimlari bo‘yicha 32-jahon kongressi tadbirlarida ishtirok etdi.
Kongressning birinchi kunida O‘zbekiston delegatsiyasi xalqaro ko‘rgazma bilan tanishdi. Unda intellektual transport tizimlari, sun’iy intellekt asosida transport harakatini boshqarish, transport vositalari va infratuzilma o‘rtasidagi o‘zaro aloqa texnologiyalari, elektron to‘lov tizimlari hamda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan zamonaviy yechimlar namoyish etilmoqda.
O‘zbekiston delegatsiyasining mazkur xalqaro kongressdagi ishtiroki mamlakatimiz transport tizimini raqamlashtirish, intellektual transport texnologiyalarini rivojlantirish, ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish va Koreya Respublikasi bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.




