Tarixiy adolat va milliy xotira
2026-10-19 12:00:00 / Yangiliklar

Zero, tarixni bilish millatning o‘ziga bo‘lgan hurmati va mas’uliyatidir. Tarixni bilgan avlod o‘zligini yaxshiroq anglaydi. O‘zligini anglagan avlod esa erkinlikning qiymatini chuqurroq his qiladi.
Vatanimiz istiqloli, xalqimizning ozodligi va erkinligi, kelajak avlodning tinch va farovon hayotini ta’minlash yo‘lida mardona kurash olib borgan, aziz jonlarini fido qilgan ajdodlarimiz xotirasi biz uchun muqaddas.
Qatag‘on qurbonlarini yod etish, ularning fidokorligini yosh avlodga yetkazish maqsadida tashkil etilgan navbatdagi ma’naviy-ma’rifiy tadbir doirasida Transport vazirligi markaziy apparati va tizim tashkilotlari xodimlari Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyiga tashrif buyurdi.
Qatag‘on qurbonlari davlat muzeyiga tashrif tariximizning og‘riqli, ammo unutilmas bo‘lagiga yuzlanish, o‘tgan ajdodlarimizga nisbatan adolatni tiklash va kelajak uchun saboq olish imkoniyati bo‘ldi.
XX asr boshida, xususan 1930-yillarda mamlakatimizda juda og‘ir siyosiy ta’qiblar va repressiyalar bo‘lib o‘tdi. Ushbu davrda yuz minglab insonlar nohaq ayblar bilan qamaldi, o‘ldirildi, tug‘ilgan joylaridan surgun qilindi, haqoratlar va jazolarga duchor bo‘ldi. Bu qatag‘onlar nafaqat ma’rifatparvar ziyolilar, balki oddiy dehqon, o‘qituvchi, ilmiy xodim, shifokor kabi yurtga fidoyi insonlarni ham o‘z girdobiga tortib ketdi.
Ular orasida o‘zbek xalqi ma’naviyati, madaniyati, ilm-faniga ulkan hissa qo‘shgan allomalar – Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Fitrat, Usmon Nosir va yana ko‘plab ziyolilar bor edi. Ular qalami, so‘zi bilan millat uyg‘onishiga xizmat qilgan edi.
Qatag‘on qurbonlari davlat muzeyi ana shu halok bo‘lgan, nohaq jabr ko‘rgan insonlar xotirasiga bag‘ishlangan muqaddas maskandir. Bu yerdagi har bir eksponat, har bir fotosurat, har bir hujjat – o‘tganni eslash va kelajakni to‘g‘ri qurish uchun muhim dalil.
Qatag‘on qurbonlarini eslash – faqat tarixiy vazifa emas, balki ma’naviy qarz, insoniy burch, fuqarolik mas’uliyati. Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun kurashgan qahramon ajdodlarimiz jasorati biz uchun doimo ibrat maktabi bo‘lib qoladi.
Bugun biz erkin, mustaqil mamlakatda yashamoqdamiz. Lekin bu erkinlik qanchalik qimmatga tushganini unutmasligimiz zarur. Bu muzey – nafaqat tarix, balki har birimiz uchun ma’naviy dars, javobgarlik va xotira makoni.
Qatag‘on qurbonlari fidokorligi, jasorati va or-nomusini yodga olish, ularning orzulari yo‘lida mehnat qilish – biz, yangi avlodning muqaddas burchimiz.







