Jamoatchilik kengashi Toshkent viloyatida
2026-10-17 15:00:00 / Yangiliklar

Xususan, Jamoatchilik kengashi a’zolari Toshkent viloyatida bo‘lib, viloyat shahar va hududlarida aholiga har tomonlama qulay, sifatli va xavfsiz transport xizmatlari ko‘rsatishni tashkil etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar holati yuzasidan monitoring tadbirlarini olib bordi.
Dastlab, Jamoatchilik kengashi a’zolari Toshkent viloyati transport boshqarmasida bo‘lib, Angren, Olmaliq, Nurafshon, Ohangaron, Yangiyo‘l va Chirchiq shahri hamda viloyat hududida jamoat transporti tizimini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi rejalar bilan yaqindan tanishdi.
Davlatimiz rahbarining 2023-yil 16-fevraldagi PQ–59-son qarorida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida Toshkent viloyati shahar va tumanlarida aholiga sifatli jamoat transporti xizmati ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilmoqda.
Bugungi kun holatiga Toshkent viloyatining Angren, Olmaliq, Nurafshon, Ohangaron, Yangiyo‘l shaharlarida transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish Bosh rejalari hamda Chirchiq shahrining transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish, aholiga transport xizmati ko‘rsatish va transport harakatini tashkil etish rejasi tasdiqlangan.
Yuqorida qayd etilgan shaharlarning transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish Bosh rejalari asosida 2025-yil yakunida viloyatning Nurafshon, Olmaliq va Angren shaharlarida brutto shartnomasi asosida 8 ta avtobus yo‘nalishi 64 ta harakat jadvallari bilan yo‘lovchi tashish faoliyatini boshlagan hamda 2025- yil yakunida 8 ta yo‘nalishda 4 029 031 ta yo‘lovchi tashilgan bo‘lsa, 2026-yilning o‘tgan yarim yilligi mobaynida ushbu 8 ta yo‘nalishda tashilgan yo‘lovchilar soni 5 340 070 tani tashkil etmoqda.
Ushbu 8 ta yo‘nalishda tashilgan yo‘lovchilar soni 2025-yil yakuniga nisbatan o‘rtacha 1,325 barobar(32,5 foiz)ga oshgan. 2026- yilning 9 oyi yakuniga kelib, ishlab chiqilgan transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish Bosh rejalari asosida Nurafshon, Angren, Olmaliq, Ohangaron, Yangiyo‘l, Chirchiq shaharlarida 14 ta avtobus yo‘nalishi 114 ta harakat jadvallari bilan Brutto shartnomasida ko‘zda tutilgan tartibida yo‘lovchi tashish faoliyatini amalga oshirmoqda hamda 2026-yilning sentyabr oyi mobaynida tashilgan yo‘lovchilar soni 1 613 197 tani tashkil etmoqda.
Jamoatchilik kengashi vakillari shu yerda markazlashgan dispetcherlik xizmati faoliyati bilan yaqindan tanishib, brutto-shartnomasi asosida yo‘nalishlarga biriktirilgan avtobuslarning bosib o‘tilgan yo‘l va sifat mezonlari bo‘yicha baholanishi yuzasidan “Toshkent viloyati yo‘lovchi tashishni monitoring va nazorat qilish” DM mutasaddilaridan batafsil javob oldi.
Shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslardan kelgan murojaatlarga berilgan javoblar sifati tahlil qilinib, ayrim taklif va mulohazalar bildirildi hamda xizmatlar sifatini yanada oshirish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.
Viloyatda jamoat transportini tashkil etish yuzasidan 2025-yilda 220 ta murojaat kelib tushgan, 2026-yilning III choragi yakuniga kelib murojaatlar soni 263 tani tashkil etgan. Viloyatning brutto shartnomasi asosida avtobuslarda yo‘lovchi tashish faoliyatini amalga oshirilayotgan hududlarida 2025-yilning 9 oyi yakunlari bo‘yicha jamoat transportni tashkil etish bo‘yicha jami 53 ta murojaat kelib tushgan, 2026-yilning shu davrida esa murojaatlar soni 57 tani tashkil etdi. Murojaatlar soni 4 taga yoki 7,55 foizga oshgan.
Shaharlar kesimida eng katta o‘sish Chirchiq shahrida kuzatilib, murojaatlar soni 14 tadan 25 taga, ya’ni 11 taga oshgan. Nurafshon shahrida murojaatlar soni 1 tadan 3 taga ko‘paygan. Shu bilan birga, Olmaliq shahrida murojaatlar soni 15 tadan 13 taga, Yangiyo‘l shahrida 4 tadan 2 taga, Bekobod shahrida 1 tadan 0 taga hamda Ohangaron shahrida 6 tadan 2 taga kamaygan. Angren shahrida esa murojaatlar soni o‘zgarishsiz qolib, 12 tani tashkil etgan.
Kengash a’zolari bevosita avtobus yo‘nalishlarida fuqarolar bilan muloqot qilib, ko‘rsatilayotgan transport xizmatlar sifati yuzasidan aholining fikr-mulohazalari bilan qiziqdilar.









