Toshkent shahrida jamoat transporti yo‘lkira tariflarini belgilash va ushbu jarayonda keng jamoatchilik fikrini o‘rganish natijalari to‘g‘risida ma’lumot
2026-09-30 15:00:00 / Yangiliklar

Ushbu qonuniy asosga muvofiq, poytaxtda jamoat transporti (avtobus va metropoliten) tariflarini tasdiqlash mas’uliyati bevosita Xalq Deputatlari Toshkent shahar Kengashi zimmasiga yuklatilgan.
Xalq Deputatlari Toshkent shahar Kengashining «Toshkent shahridagi jamoat transportida yo‘lkira haqi tarifini belgilash to‘g‘risida»gi qarori loyihasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligining ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalari va kanallari orqali keng jamoatchilik fikrini o‘rganish maqsadida tizimli ijtimoiy so‘rovnoma o‘tkazilgan.
O‘tkazilgan so‘rovnomada ishtirok etgan poytaxt aholisi va yo‘lovchilarning fikr-mulohazalari quyidagi nisbatda shakllangan:
· 36,5 foizi (eng ko‘p qismi): Agar jamoat transporti yo‘nalishlarida qatnov intervallari qisqarishi hamda harakat tarkibi parki zamonaviy transportlar bilan yangilanishi to‘liq ta’minlangan taqdirda yo‘lkira tarifini oshirishga hech qanday e’tirozi yo‘qligini ma’lum qilgan.
· 31,8 foizi: Yo‘lkira haqini oshirishga to‘liq rozi ekanliklarini bildirib, shahar transportida eng muhim jihat pul emas, balki vaqtni tejash va xizmat ko‘rsatish sifati ekanligi ta’kidlagan.
· 18,2 foizi: Yangi tariflarni qisman maqbul deb hisoblagan, biroq yo‘lkira narxining ko‘tarilishi ularning kundalik oilaviy xarajatlariga muayyan darajada salbiy ta’sir ko‘rsatishini qayd etgan.
· 13,4 foizi: Tariflarning o‘zgartirilishini mutlaqo nomaqbul ekanligini ma’lum qilgan.
Qarorni qabul qilishda faqatgina jamoatchilik fikri emas, balki tizimning moliyaviy barqarorligini ta’minlovchi obyektiv iqtisodiy omillar ham chuqur tahlil qilindi.
Ushbu ijtimoiy so‘rovnoma jarayonida to‘plangan keng jamoatchilik fikri (jami 86,5 foiz real yo‘lovchilarning to‘liq, qisman yoki sifat sharti bilan roziligi), aholining iqtisodiy imkoniyatlari hamda 2023-yildan beri shakllangan xarajatlar dinamikasining iqtisodiy tahlili Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining sessiyasida batafsil ko‘rib chiqildi.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam (talabalar, nafaqaxo‘rlar, nogironligi bor shaxslar) uchun 50 foizlik chegirmalar to‘liq saqlanib qolayotgani hamda uzoq muddatli abonementlar orqali xarajatlarni tejash imkoniyati yaratilgani inobatga olindi.
Deputatlar tomonidan poytaxt jamoat transporti infratuzilmasini inqirozdan asrash, moliyaviy barqarorlikni ta’minlash va xizmat ko‘rsatish sifatini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida, yo‘lkira haqini oshirish bo‘yicha bir ovozdan tegishli qaror qabul qilindi.
