Transport vaziri Pekinda bo‘lib o‘tgan Barqaror transport bo‘yicha global forumda ishtirok etdi
2026-09-24 18:00:00 / Yangiliklar

Tadbir hukumatlar, transport idoralari, xalqaro tashkilotlar, ekspertlar va ishbilarmon doiralarning yuqori martabali vakillarini xalqaro transport bog‘liqligini rivojlantirish, logistika zanjirlarining barqarorligi ta’minlash, sohani raqamlashtirish va yangi texnologiyalarni joriy etish masalalarini muhokama qilish uchun birlashtirdi.
Forumdagi nutqi davomida Transport vaziri Ilhom Maxkamov barqaror transportni rivojlantirish, xalqaro transport bog‘liqligini mustahkamlash va zamonaviy logistika tizimlarini shakllantirish borasida O‘zbekistonning ustuvor maqsadlari yuzasidan fikr bildirdi.
Vazir bugungi kunda global ta’minot zanjirlarining chuqur o‘zgarishi sharoitida transport nafaqat yordamchi soha, balki jahon iqtisodiyotining mustaqil, strategik ahamiyatga ega sektori maqomiga aylanib borayotganini ta’kidladi.
Shu nuqtayi nazardan, O‘zbekiston Xitoy tomonidan ilgari surilgan global tashabbuslarni to‘liq qo‘llab-quvvatlashini va barqaror transportni rivojlantirish mazkur tashabbuslari amaliy jihatdan ro‘yobga chiqarishning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida ko‘rishini qayd etdi.
To‘g‘ridan-to‘g‘ri dengizga chiqish imkoniyatiga ega bo‘lmagan O‘zbekiston Yevrosiyo mintaqasida ishonchli quruqlik tranzit yo‘laklari tarmog‘ini shakllantirishni o‘zining strategik ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilaganligini ta’kidladi I.Maxkamov.
Xususan, transport infratuzilmasini rivojlantirish va xalqaro transport bog‘liqligini kuchaytirish borasida “Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishi faol bosqichga o‘tgani, shuningdek, “O‘zbekiston–Afg‘oniston–Pokiston” Transafg‘on temir yo‘li bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish ishlari davom etmoqda. Mazkur loyihalarning amalga oshirilishi Markaziy Osiyoni "Shimol-Janub" va "Sharq-G‘arb" yo‘laklari kesishmasidagi asosiy tranzit markaziga aylantirib, savdo, sanoat kooperatsiyasi va Yevrosiyo makonining integratsiyalashuvi uchun ulkan imkoniyatlar yaratadi.
Shuningdek, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish va transport sohasini “yashil” transformatsiya qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekistonda jamoat transportini ekologik toza standartlarga o‘tkazish, elektromobillarni keng joriy etish hamda tegishli infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar qayd etildi.
Transport sohasini raqamlashtirish barqaror logistikaning muhim omili sifatida qayd etilib, e-Permit elektron ruxsatnomalar tizimining joriy etilgani va uning Xitoyni ham qo‘shgan holda 8 ta davlat bilan hamkorlikda qo‘llanilayotgani, shuningdek, O‘zbekiston va Ozarbayjon tomonidan eTIR texnologiyasi amaliyotga tatbiq etilgani ta’kidlandi.
Forumning muhim natijalaridan biri — barqaror transport sohasida xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish, qo‘shma tashabbuslarni kengaytirish hamda mamlakatlar va mintaqalarni ishonchli bog‘laydigan barqaror, samarali va zamonaviy transport tizimini shakllantirishga qaratilgan yondashuvlarning ilgari surilgani bo‘ldi.
Forumning yakunida “Barqaror transport sohasida global rivojlanish va hamkorlik bo‘yicha” hadli dastur qabul qilindi. Hujjat davlatlar, xalqaro tashkilotlar, moliya institutlari, biznes, ilmiy va ta’lim muassasalarining barqaror transport sohasidagi o‘zaro hamkorligi uchun ko‘p tomonlama platformani shakllantiradi.


