22-sentabr — "Xalqaro avtomobilsiz kun"
2026-09-21 17:00:00 / Yangiliklar

Bu kunda dunyoning turli mamlakatlarida insonlar avtomobildan bir kunga voz kechib, piyoda yurish, velosiped haydash yoki jamoat transportidan foydalanishga chorlanadi. Avtomobildan kamroq foydalanish birinchi navbatda atrof-muhitga va inson salomatligiga ijobiy ta'sir ko‘rsatadi. Transport vositalaridan chiqadigan zararli tashlamalarning kamayishi o‘z navbatida uglerod izini qisqartirishga xizmat qiladi.
Fakt!
1950-yildan boshlab ayrim mamlakatlarda avtomobilsiz kun o‘tkazila boshlangan. 1956–1957-yillarda Niderlandiya va Belgiyada avtomobilsiz yakshanbalar tashkil etilgan. 1990-yillarning oxirida Yevropaning qator shaharlarida avtomobilsiz loyihalar amalga oshirildi. 2000-yil 22-sentabrda Yevropa avtomobilsiz kuni o‘tkazildi. Keyinchalik ushbu tashabbus dunyoning ko‘plab mamlakat va shaharlariga tarqaldi.
Qadrli yurtdoshlar! Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi, Transport vazirligi, BMT Taraqqiyot dasturi (UNDP) va Global ekologik jamg‘arma (GEF) barchani bir kunga avtomobildan voz kechib, piyoda yurish, velosiped yoki jamoat transporti kabi "yashil" transport vositalaridan foydalanishga chaqiradi.
Chunki avtomobilda harakatlanmaslik havoga chiqadigan zararli gazlarning kamayishiga hissa qo‘shish demakdir. Bir kunlik tanlovimiz toza havo uchun kichik, ammo muhim qadam hisoblanadi. O‘zimiz yashab turgan, nafas olayotgan maskanni avtomobillar emas, insonlar uchun qulay qilaylik!
