Temir yo‘l transporti va metropolitenda tortish harakatdagi tarkibini boshqarish huquqini berishning yangi tartibi belgilandi
2026-09-21 11:00:00 / Yangiliklar
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 17-sentabrdagi 502-son qarori bilan mazkur davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.
Yangi tartib lokomotiv, motorvagonli harakatdagi tarkib (shu jumladan, yuqori tezlikdagi), maxsus harakatdagi tarkib va metropoliten poyezdlarini boshqarish huquqini olish istagida bo‘lgan mashinistlikka nomzodlar uchun yagona, aniq va shaffof mexanizmni belgilaydi.
Davlat xizmati Transport vazirligi huzuridagi Transport nazorati inspeksiyasi tomonidan ko‘rsatiladi.
Ma’muriy reglamentga muvofiq, tortish harakatdagi tarkibini boshqarish huquqini beruvchi guvohnomani olish uchun nomzod 18 yoshga to‘lgan, transport sohasida tegishli kasbiy yoki oliy ma’lumotga ega bo‘lishi, tortish harakatdagi tarkibini boshqarish bo‘yicha amaliyot o‘taganligi haqida hujjat taqdim etishi, shuningdek tibbiy ko‘rikdan o‘tishi lozim.
Nomzodning nazariy bilimlari test sinovlari orqali baholanadi. Test 100 ta savoldan iborat bo‘lib, uni bajarish uchun 50 daqiqa vaqt beriladi. Kamida 80 ball to‘plagan nomzod test sinovidan muvaffaqiyatli o‘tgan hisoblanadi.
Muhim jihatlardan biri — mazkur davlat xizmatining elektron shaklda ko‘rsatilishidir.
Ma’muriy reglamentda guvohnomani berish, shuningdek uning amal qilish muddatini uzaytirish, qayta rasmiylashtirish, dublikat berish, amal qilishini to‘xtatib turish, tugatish va bekor qilish tartibi belgilangan. Mashinistlikka nomzodlar belgilangan malaka talablariga rioya qilishi hamda belgilangan tartibda davriy majburiy tibbiy ko‘riklardan o‘tishi shart.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 17-sentabrdagi 502-son qarori bilan quyidagilar belgilanmoqda:
2029-yil 1-yanvarga qadar hozirgi vaqtda temir yo‘l harakatdagi tarkibi va metropoliten poyezdlarini boshqarayotgan barcha mashinistlar ma’muriy reglamentda belgilangan tartibga muvofiq tortish harakatdagi tarkibini boshqarish huquqini beruvchi yangi namunadagi guvohnomani olishi shart;
2029-yil 1-yanvardan boshlab mazkur yangi namunadagi guvohnomani olmagan mashinistlarga tortish harakatdagi tarkibini ekspluatatsiya qilish taqiqlanadi;
ma’muriy reglamentda belgilangan tartibda tortish harakatdagi tarkibini boshqarish huquqini beruvchi guvohnomani olish uchun bilimlarni sinovdan o‘tkazish Transport vazirligi huzuridagi Transport sohasi kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida o‘tkaziladi.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 17-sentabrdagi 502-son qarori bilan belgilanayotgan yagona tartib temir yo‘l transporti va metropolitenda mashinistlarning kasbiy tayyorgarligini baholash, boshqarish huquqini berish jarayonlarini raqamlashtirish va nazoratni tizimlashtirishga xizmat qiladi.
Eng muhimi, mazkur tartib poyezdlar harakati xavfsizligini ta’minlashda inson omili bilan bog‘liq xavflarni kamaytirish hamda sohani malakali kadrlar bilan ta’minlashga qaratilgan.
Vazirlar Mahkamasining qarori 2027-yil-1-yanvardan kuchga kiradi.
