35 yillik taraqqiyot: islohotlar samarasi va yangi marralar
2026-09-16 16:00:00 / Yangiliklar

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamkorligida tashkil etilgan seminarda vazirlik markaziy apparati, hududiy bo‘linmalari, tizimdagi korxona va tashkilotlar rahbar va xodimlari, ishtirok etdi.
Tadbirda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining mas’ul xodimlari — Tarix fanlari doktori, dotsent Farxod Ochilov, pedagogika fanlari nomzodi, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi Zebo Kasimova hamda sotsiologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent Suxrob Xidirov ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar.
Uchrashuv davomida Prezident nutqida ilgari surilgan asosiy g‘oya va ustuvor vazifalar, jumladan, mamlakat taraqqiyotining yangi bosqichi, uch ming yillik tarixiy ildizlar va Uchinchi Renessans, inson qadri, shuningdek, 35-yillik islohotlarning mazmun-mohiyati va natijalari haqida atroflicha fikr almashildi.
Xususan, “Uch ming yillik ildiz va Uchinchi Renessans: tarixiy vorislik, milliy o‘zlik va ma’naviy meros” mavzusidagi ma’ruzada xalqimizning boy tarixi, milliy o‘zlik va ma’naviy merosning jamiyat taraqqiyotidagi ahamiyati haqida so‘z yuritildi.
“Inson qadri – 35-yillik islohotlarning o‘lchovi: erkinlik, bilim, sog‘liq va yoshlar” mavzusida inson manfaatlarini ta’minlash, yosh avlod uchun yaratilayotgan imkoniyatlar hamda amalga oshirilayotgan islohotlarning hayotdagi ahamiyati xususida fikrlar bildirildi.
Shuningdek, “Milliy yuksalish o‘n yilligi: yetti milliy dastur yaxlit tizim sifatida va nutqning bosh g‘oyalari” mavzusida mamlakat taraqqiyotining yangi bosqichida amalga oshirilayotgan ustuvor vazifalar va milliy dasturlarning mazmun-mohiyati ochib berildi.
Seminar doirasida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan tayyorlangan, xalqimizning ko‘p ming yillik tarixi, jadidlar harakati va milliy irodasini aks ettiruvchi “O‘zbek kelayotir, tarix qa’ridan” videoklipi hamda Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilgan islohotlarga bag‘ishlangan videoroliklar namoyish etildi.
Mazkur ma’rifiy tadbir xodimlarning milliy tarix va ma’naviy meros haqidagi bilimlarini yanada boyitish, Prezident nutqida belgilab berilgan ustuvor vazifalarning mazmun-mohiyatini chuqur anglash hamda ularni keng jamoatchilikka yetkazishda muhim ahamiyat kasb etdi.







