Qozog‘iston bilan xalqaro avtomobil tashuvlarini rivojlantirish masalalari muhokama etildi
2026-09-14 15:40:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi transport vazirining birinchi o‘rinbosari Mamanbiy Omarov hamda Qozog‘iston Respublikasi transport vaziri o‘rinbosari Maksat Kaliakparov rahbarligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ikki davlat o‘rtasida xalqaro avtomobil tashuvlarini yanada rivojlantirish, yuk va yo‘lovchi tashuvlari hajmini oshirish, ruxsatnoma berish tizimini takomillashtirish, tranzit salohiyatini rivojlantirish bilan bog‘liq masalalar muhokama etildi.
Xususan, tomonlar xalqaro avtomobil tashuvlarida tegishli tartib-taomillarni soddalashtirish va raqamlashtirish, ma’muriy to‘siqlarni qisqartirish, shuningdek, elektron hujjat aylanmasiga bosqichma-bosqich o‘tishni nazarda tutuvchi «uzluksiz tranzit» mexanizmini joriy etish bo‘yicha ikki tomonlama Ishchi guruh tuzishga kelishib oldilar.
Shuningdek, avtomobil transportida muntazam bo‘lmagan xalqaro yo‘lovchi tashuvlarini amalga oshirishda ruxsatnoma elektron blankalari tizimini 2027-yildan boshlab joriy etish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishildi.
Uchrashuv davomida avtomobil transporti infratuzilmasini rivojlantirish va transport nazorati samaradorligini oshirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
