Fransiya bilan hamkorlikning yangi istiqbollari muhokama qilindi
2026-09-11 11:00:00 / Yangiliklar

Uchrashuvda Toshkent davlat transport universiteti va Fransiya tomoni o‘rtasida ta’lim, zamonaviy texnologiyalar hamda aviatsiya sohalaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, universitetda tashkil etilgan “3DEXPERIENCE” markazi faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan grant muddatini yana bir yilga uzaytirish masalasi ko‘rib chiqildi.
Mazkur markaz talabalarning zamonaviy raqamli texnologiyalar va muhandislik yechimlari bo‘yicha amaliy bilim hamda ko‘nikmalarini oshirish uchun muhim ta’lim platformalaridan biri hisoblanadi.
Uchrashuvning yana bir muhim yo‘nalishi aviatsiya sohasida kadrlar tayyorlash bo‘ldi.
Toshkent davlat transport universitetining 5 nafar talabasini Fransiyaning Airbus kompaniyasi hamda ENAC — École Nationale de l’Aviation Civile, ya’ni Fuqaro aviatsiyasi milliy maktabida grant asosida o‘qitish imkoniyatlari muhokama qilindi.
ENAC Fransiyada fuqaro aviatsiyasi sohasi uchun mutaxassislar tayyorlashga ixtisoslashgan nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri bo‘lib, aviatsiya muhandisligi, uchuvchilar tayyorlash, havo harakatini boshqarish va aviatsiya sohasining boshqa yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim beradi.
Shu jihatdan, universitet talabalarining ENACda tahsil olish imkoniyati ularning xalqaro tajriba orttirishi va aviatsiya sohasida yuqori malakali mutaxassis sifatida shakllanishi uchun muhim qadam bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, Airbus kompaniyasi bilan hamkorlik doirasida talabalar uchun ta’lim va kasbiy rivojlanish imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida mazkur yo‘nalishlarda hamkorlikni davom ettirish, mavjud loyihalarni rivojlantirish va belgilangan tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha keyingi amaliy choralarni kelishib olishga e’tibor qaratildi.
Tomonlarning mazkur hamkorlikni izchil rivojlantirishga bo‘lgan qiziqishi Toshkent davlat transport universitetida zamonaviy texnologiyalar asosida ta’lim sifatini oshirish, talabalar uchun xalqaro ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish hamda transport va aviatsiya sohalari uchun raqobatbardosh kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi.
