Transkaspiy raqamli multimodal koridorini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi
2026-09-10 16:00:00 / Yangiliklar

Gibrid formatda tashkil etilgan tadbirda Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani rivojdantirish muammolarini o‘rganish markazi hamda “Raqamli transport markazi” davlat muassasasi mutaxassislari ishtirok etdi.
Seminar BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi (YEIK BMT) hamkorligida TRASEKA Hukumatlararo komissiyasi Doimiy kotibiyati va taraqqiyot bo‘yicha hamkorlar ishtirokida tashkil etildi. Unda TRASEKA va SPEKA mintaqalari mamlakatlarining tegishli vazirlik va idoralari rahbarlari hamda yetakchi ekspertlari, Yevropa komissiyasi, Jahon banki, GIZ, ITC vakillari, shuningdek, biznes hamjamiyati ishtirok etdi.
Tadbir doirasida BMT SEFAKT standartlari asosida ishlab chiqilgan Transkaspiy raqamli koridori metodologiyasi loyihasi, multimodal tashuvlarni raqamlashtirish, elektron hujjat aylanishini joriy etish hamda transport tashuvlari jarayoni ishtirokchilari o‘rtasida ma’lumotlar almashinuvini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.
Muloqotlar davomida Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini o‘rganish markazi tomonidan Transkaspiy multimodal koridorini rivojlantirish va raqamlashtirish bo‘yicha yondashuvlar taqdim etildi. Xususan, axborot tizimlarini integratsiya qilish, raqamli yechimlarning o‘zaro muvofiqligini ta’minlash va manfaatdor tomonlar o‘rtasida samarali ma’lumot almashinuvini yo‘lga qo‘yish zarurligiga e’tibor qaratildi.
Seminar yakunida Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishining samaradorligi va raqobatbardoshligini oshirish maqsadida raqamli instrumentlarni yanada rivojlantirish, axborot tizimlarini integratsiyalash hamda normativ-huquqiy hamkorlikni takomillashtirish muhimligi ta’kidlandi.
