Nukusda tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi
2026-09-08 16:00:00 / Yangiliklar

Uchrashuvda Nukus shahrining Bosh rejasi doirasida ishlab chiqilgan jamoat transportining yangi yo‘nalishlar tarmog‘i atroflicha muhokama qilinib, tashuvchilarning taklif va mulohazalari tinglandi.
Muloqot davomida jamoat transporti yo‘nalishlarini brutto-shartnoma asosida tashkil etishning afzalliklari haqida ham so‘z yuritildi. Xususan, ushbu tizim qatnovlar muntazamligini ta’minlash, xizmat sifatini oshirish, tashuvchilar uchun barqaror moliyalashtirish mexanizmini shakllantirish hamda aholiga qulay va ishonchli transport xizmatlarini ko‘rsatishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Shuningdek, uchrashuvda tadbirkorlar tomonidan ko‘tarilgan yo‘lovchi tashish sohasidagi muammoli masalalar mutasaddilar ishtirokida atroflicha muhokama etildi. Ularning ayrimlari joyida hal etildi, qo‘shimcha vaqt va o‘rganish talab etadigan masalalar esa tegishli tartibda ko‘rib chiqish uchun nazoratga olindi.
Uchrashuv yakunida tadbirkorlar bilan ochiq muloqotni davom ettirish, ularning takliflarini inobatga olish hamda mavjud muammolarni bosqichma-bosqich hal etish bo‘yicha tegishli choralarni ko‘rish belgilab olindi.



