Transportchilar O‘zbekiston prokuraturasi tarixi muzeyiga sayohat qildi
2026-08-27 12:00:00 / Yangiliklar
Transport vazirligi hamda uning tizim tashkilotlari xodimlari uchun ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar doirasida O‘zbekiston prokuraturasi tarixi muzeyiga sayohat tashkil etildi.

Mazkur tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad xodimlarning huquqiy madaniyatini oshirish, ularni mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar bilan yaqindan tanishtirish hamda tarixiy merosga bo‘lgan hurmatni mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.
Sayohat davomida ishtirokchilar muzey eksponatlari bilan tanishib, O‘zbekiston prokuratura organlarining tashkil topishi, rivojlanish bosqichlari hamda bugungi kundagi faoliyati haqida batafsil ma’lumotlarga ega bo‘ldi.
Shuningdek, muzeyda namoyish etilgan tarixiy hujjatlar, arxiv materiallari va noyob eksponatlar, qolaversa, tarixiy voqealarning zamonaviy multimedia, installyatsiya va badiiy yechimlar orqali namoyish etilishi xodimlarda katta taassurot qoldirdi.
Ayniqsa, Qatag‘on qurbonlari xotirasiga bag‘ishlangan ko‘rgazmalar orqali xodimlar o‘tmishning murakkab sahifalari, inson taqdirlari va tarixiy jarayonlar haqida qimmatli ma’lumotlarga ega bo‘ldi.
Tadbir davomida mutaxassislar tomonidan prokuratura tizimining jamiyatdagi o‘rni, qonun ustuvorligini ta’minlashdagi muhim vazifalari hamda korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi ishlari haqida ham tushunchalar berildi.
Mazkur sayohat xodimlarda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yanada mustahkamlash, shuningdek, tarixiy merosimizga hurmat ruhini oshirishga xizmat qildi.








