RASMIY IZOH
2026-08-25 12:00:00 / Yangiliklar
Ruxsatnomalarni taqsimlash va reyting tizimi haqida
Xorijiy va ko‘p tomonlama ruxsatnomalarni taqsimlash O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 25-martdagi 114-son qarori bilan tasdiqlangan tartib asosida amalga oshiriladi. Mazkur tartibga muvofiq, tashuvchilar tomonidan ruxsatnomalarni bron qilish va ularga ariza berish jarayonlari elektron axborot tizimi orqali amalga oshiriladi.
Taqchil ruxsatnomalardan foydalanish imkoniyati tashuvchilarning belgilangan mezonlar asosida shakllantiriladigan reyting ko‘rsatkichlariga bog‘liq. Shu o‘rinda alohida ta’kidlash lozimki, tashuvchilar reytingi mansabdor shaxsning subyektiv qarori asosida belgilanmaydi. Reyting axborot tizimida mavjud ma’lumotlar hamda normativ-huquqiy hujjatda belgilangan mezonlar asosida avtomatlashtirilgan tarzda shakllantiriladi.
Shu sababli muayyan tashuvchining reytingini mansabdor shaxs tomonidan qo‘lda oshirish yoki kamaytirish, shuningdek, alohida murojaat asosida o‘zgartirish amaldagi tartibda nazarda tutilmagan. Reyting tizimining maqsadi kichik yoki yakka tartibda faoliyat yurituvchi tashuvchilarni bozordan siqib chiqarish emas, balki davlatlararo kelishuvlar asosida cheklangan miqdorda ajratiladigan taqchil ruxsatnomalarni tashuvchilarning real faoliyat ko‘rsatkichlari asosida yagona, shaffof va barcha uchun bir xil mezonlar bo‘yicha taqsimlashdan iborat.
Ruxsatnomalarning “qora bozori” haqidagi da’volar yuzasidan
Ruxsatnoma blankalarini boshqa tashuvchiga berish, sotish yoki ulardan belgilangan tartibga zid ravishda foydalanish holatlari uchun Vazirlar Mahkamasining 114-son qarorida tegishli cheklov va choralar nazarda tutilgan.
Agar ruxsatnomalarni noqonuniy sotish, boshqa shaxsga berish yoki mansabdor shaxslarning bunday holatlarga aloqadorligini tasdiqlovchi aniq ma’lumotlar mavjud bo‘lsa, Transport vazirligi ularni belgilangan tartibda taqdim etishga chaqiradi. Taqdim etilgan har bir aniq holat tegishli tartibda o‘rganiladi.
Shuningdek, ruxsatnomalarni bosqichma-bosqich elektron shaklga o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsadlardan biri ham inson omilini kamaytirish, ruxsatnomalarning harakatini elektron tarzda nazorat qilish hamda ularning noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq xavflarni minimallashtirishdan iborat.
E-Permit tizimi va Rossiya ruxsatnomalarining elektron shaklga o‘tkazilishi bo‘yicha
Rossiya Federatsiyasi bilan ruxsatnomalar nima sababdan hozirga qadar to‘liq elektron shaklga o‘tkazilmagani yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz. Bugungi kunda O‘zbekiston xalqaro avtomobil tashuvlari sohasida elektron ruxsatnoma — E-Permit tizimini bosqichma-bosqich kengaytirib bormoqda.
Hozirgi kunda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Xitoy, Turkiya va Ozarbayjon bilan elektron ruxsatnomalar almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, yaqinda Gruziya bilan ham E-Permit tizimi joriy etildi. Shunday qilib, bugungi kunda O‘zbekiston tomonidan yettita davlat bilan elektron ruxsatnomalar almashinuvi amalga oshirilmoqda.
Ayni paytda Rossiya Federatsiyasi va Belarus Respublikasi bilan ham elektron ruxsatnomalar almashinuviga o‘tish bo‘yicha tegishli ishlar olib borilmoqda va ushbu tizimlarni 2026-yil yakuniga qadar joriy etish rejalashtirilgan.
Shu o‘rinda E-Permit tizimiga o‘tish O‘zbekiston tomonidan bir tomonlama qabul qilinadigan qaror emasligini alohida ta’kidlash lozim. Buning uchun ikki davlatning vakolatli organlari o‘rtasida tegishli kelishuvlarga erishish, axborot tizimlarini o‘zaro integratsiya qilish, elektron ma’lumotlar almashinuvi mexanizmlarini sinovdan o‘tkazish hamda elektron ruxsatnomalarni o‘zaro tan olish talab etiladi.
Shu sababli Rossiya Federatsiyasi bilan ruxsatnomalarning hozircha qog‘oz shaklida qo‘llanilayotgani mazkur yo‘nalishda raqamlashtirish ishlari olib borilmayotganini anglatmaydi. Aksincha, E-Permit tizimining geografiyasi izchil kengaytirib borilayotgani xalqaro avtomobil tashuvlarida ruxsatnoma tizimini raqamlashtirish, inson omilini kamaytirish va ruxsatnomalardan foydalanish ustidan elektron nazoratni kuchaytirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilayotganini ko‘rsatadi.
Xitoy yo‘nalishidagi elektron ruxsatnomalar bo‘yicha
Tarqatilayotgan materiallarda Xitoy yo‘nalishida bir transport vositasiga berilgan elektron ruxsatnoma amalda foydalanilgan bo‘lsa-da, axborot tizimida “foydalanilmagan” holatda qolayotgani va buning natijasida aynan shu transport vositasiga navbatdagi ruxsatnomani rasmiylashtirish imkoniyati cheklanishi qayd etilgan.
Mazkur holatning yuzaga kelishi ruxsatnomaning amalda foydalanilganligini belgilangan tartibda tasdiqlash jarayoni bilan bog‘liq.
Amaldagi tartibga ko‘ra, haydovchi bojxona nazoratidan o‘tgandan so‘ng tegishli tovar-transport hujjatlarini transport nazorati inspektoriga taqdim etishi lozim. Taqdim etilgan hujjatlar asosida transport nazorati inspektori elektron ruxsatnomadan amalda foydalanilganligini tasdiqlaydi va uning holatini axborot tizimida “foydalanilgan” deb belgilaydi.
Shundan so‘ng mazkur transport vositasi uchun navbatdagi elektron ruxsatnomani rasmiylashtirish imkoniyati yaratiladi. Amaliyotda esa ayrim haydovchilar bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tgach, shoshilinch ravishda harakatni davom ettirib, transport nazorati inspektoriga tegishli tovar-transport hujjatlarini taqdim etmasdan chegara hududini tark etish holatlari kuzatilmoqda.
Natijada ruxsatnomadan amalda foydalanilgan bo‘lsa-da, uning foydalanilganligi belgilangan tartibda tasdiqlanmagani sababli axborot tizimida mazkur ruxsatnoma “foydalanilmagan” holatda saqlanib qoladi. Bunday vaziyatda axborot tizimi aynan shu transport vositasi uchun navbatdagi elektron ruxsatnomani rasmiylashtirishga avtomatik ravishda cheklov qo‘yadi.
Mazkur mexanizm tashuvchining faoliyatini sun’iy ravishda cheklash uchun emas, balki bitta transport vositasiga bir vaqtning o‘zida bir nechta amaldagi elektron ruxsatnomalar rasmiylashtirilishining oldini olish, ruxsatnomalardan maqsadli foydalanishni ta’minlash hamda ularning hisobini to‘g‘ri yuritishga qaratilgan.
Shu munosabat bilan tashuvchilar va haydovchilardan elektron ruxsatnomadan foydalanilganligini belgilangan tartibda rasmiylashtirish, ya’ni tegishli tovar-transport hujjatlarini transport nazorati inspektoriga o‘z vaqtida taqdim etish talab etiladi.
Demak, mazkur holat tizim tomonidan o‘rnatilgan “tushunarsiz cheklov” emas, balki avval berilgan elektron ruxsatnomadan foydalanilganlik holati belgilangan tartibda yakunlanmaganligi natijasidir.
Ruxsatnomalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarning ochiqligi haqida
Mazkur masala bo‘yicha shuni ma’lum qilamizki, Transport vazirligi tomonidan xorijiy va ko‘p tomonlama ruxsatnomalarning kelib tushgan, tashuvchilarga ajratilgan va foydalanilgan miqdorlari bo‘yicha statistik ma’lumotlar har chorak yakunlari bo‘yicha belgilangan tartibda e’lon qilib boriladi.
Shu bilan birga, tashuvchilar “E-Avtoruxsatnoma” avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali tegishli davlat va ruxsatnoma turi bo‘yicha mavjud ruxsatnomalar, shuningdek, ayni vaqtda boshqa tashuvchilar tomonidan bron qilingan ruxsatnomalar soni bilan erkin tanishish imkoniyatiga ega.
Bu esa tashuvchiga ruxsatnoma olish uchun ariza berishdan oldin tegishli yo‘nalish bo‘yicha ruxsatnomalarning amaldagi holatini, mavjud qoldig‘ini va bron qilingan ruxsatnomalar miqdorini bevosita axborot tizimi orqali kuzatish imkonini beradi.
Shuningdek, ruxsatnomalarni bron qilish va ularga ariza berish jarayonlarining elektron shaklda amalga oshirilishi, ruxsatnomalarning harakati axborot tizimida qayd etib borilishi ularni taqsimlash jarayonida inson omilini kamaytirish hamda jarayonning shaffofligini ta’minlashga xizmat qiladi. Shu sababli ruxsatnomalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar “yopiq” ekani haqidagi fikrlar mutlaqo asossizdir.
Ruxsatnomalarning kelib tushishi va taqsimlanishi bo‘yicha umumlashtirilgan statistik ma’lumotlar har chorakda e’lon qilinadi, ularning joriy mavjudligi va bron qilinishi haqidagi ma’lumotlar esa tashuvchilar uchun “E-Avtoruxsatnoma” va Transport vazirligining axborot tizimida ochiq ko‘rinishda taqdim etiladi.
