“Toshkent” avtovokzalida jamoatchilik monitoringi o‘tkazildi
2026-08-18 16:00:00 / Yangiliklar

Poytaxtimizdagi “Toshkent” avtovokzali 2019-yilda zamonaviy qiyofaga keltirilib, bu yerdagi shart-sharoitlar so‘nggi talab darajasiga ko‘tarildi.Keng qamrovli rekonstruksiya ishlaridan so‘ng yo‘lovchilar va mamlakatimizga tashrif buyurayotgan sayyohlar uchun qulay sharoitlar yaratilib, mahalliy hamda xalqaro yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan qatnovlar tizimli yo‘lga qo‘yildi.
Bugungi kunda “Toshkent” avtovokzalidan 28 ta shaharlararo yo‘nalishlarda haftasiga 506 ta qatnovlar amalga oshirilmoqda, shuningdek, 15 ta xalqaro yo‘nalishda haftasiga 65 ta qatnov bajarilmoqda. 2026-yilning yanvar-iyul oylari davomida shaharlararo va xalqaro yo‘nalishlarda 16 869 ta qatnov amalga oshirilib, jami 610 091 nafar yo‘lovchilar o‘z manziliga yetkazilgan.
Transport vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi tomonidan o‘tkazilgan monitoring davomida shaharlararo va xalqaro yo‘nalishlarda avtobus qatnovlarini rivojlantirish, aholi uchun qulay va xavfsiz bo‘lgan tashuv xizmatlarini tashkil etish, yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishildi.
Shu bilan birga nogironligi bo‘lgan yo‘lovchilarning “Toshkent” avtovokzali xizmatlaridan foydalanishi uchun yaratilgan sharoitlar, ushbu shaxslar huquqlariga rioya etilishini ta’minlash holatiga alohida e’tibor qaratildi.
Monitoring davomida aniqlangan kamchiliklar, uchrayotgan muammolarni bartaraf etish yuzasidan “Uzavtovokzal servis” MCHJ hamda “Toshkent” avtovokzali mutasaddilariga taklif va tavsiyalar berildi.







