“National Transport Hackathon” tadbiri o‘z ishini boshladi
2026-08-06 12:30:00 / Yangiliklar

Tadbir transport tizimida sun’iy intellekt ekotizimini rivojlantirish, raqamli texnologiyalarni keng joriy etish hamda yoshlarning innovatsion salohiyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Hackathonning ochilish marosimida Transport vaziri Ilhom Maxkamov so‘zga chiqib, transport sohasini raqamlashtirish mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning muhim yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidladi. Qayd etilganidek, yoshlarning bilim va tashabbuslari transport tizimini yangi bosqichga olib chiqishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, vazir mazkur hackathon kelgusida Transport vazirligi taqvimidagi doimiy tadbirlardan biriga aylanishini bildirib, bu yoshlar bilan uzoq muddatli hamkorlikni mustahkamlash va transport sohasida innovatsion yechimlarni qo‘llab-quvvatlashning amaliy ifodasi ekanini qayd etdi.
Transport vazirining birinchi o‘rinbosari Mamanbiy Omarov bugungi kunda vazirlik tomonidan 40 dan ortiq raqamli loyiha amalga oshirilayotganini, vazirlik axborot tizimlaridan har oy 5 millionga yaqin foydalanuvchi foydalanayotganini hamda 22 ta davlat xizmatining barchasi to‘liq raqamli shaklga o‘tkazilganini ma’lum qildi. Navbatdagi bosqich ushbu jarayonlarni sun’iy intellekt asosida avtomatlashtirish bo‘lib, hackathon aynan shu yo‘nalishda yangi yechimlarni shakllantirishga xizmat qiladi.
Uch kun davom etadigan hackathonda transport, sun’iy intellekt, ma’lumotlar tahlili va raqamli mahsulotlar yo‘nalishidagi ekspertlar ishtirokchilar bilan bevosita ishlaydi. Jamoalar transport tizimidagi dolzarb muammolarni amaliy servislar, prototiplar va innovatsion texnologik yechimlarga aylantirish ustida ishlaydi.
Ishtirokchilar aviatsiya, temir yo‘l va avtomobil transportida aholining mobilligini oshirishga xizmat qiluvchi raqamli servislarni yaratish, Transport vazirligi axborot tizimlariga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish hamda transport sohasidagi katta hajmdagi ma’lumotlarni tahlil qilish va ulardan samarali foydalanishga qaratilgan innovatsion yechimlarni ishlab chiqish bo‘yicha o‘z loyihalarini taqdim etadilar.
“National Transport Hackathon” transport sohasini raqamli transformatsiya qilish, ilg‘or texnologiyalarni amaliyotga joriy etish va iqtidorli yoshlarning innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash yo‘lidagi muhim platformaga aylanishi kutilmoqda.








