O‘zbekiston temiryo‘lchilari o‘z kasb bayramini nishonlamoqda
2026-07-31 20:40:00 / Yangiliklar

Bugun, 31-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘l transporti xodimlari kuni munosabati bilan poytaxtimizdagi Temiryo‘lchilar madaniyat saroyida tantanali bayram marosimi bo‘lib o‘tdi.
Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari A.Ramatov, Transport vaziri I.Maxkamov, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Z.Narzullayev, rais o‘rinbosarlari, boshqarma boshliqlari, “Faxriy temiryo‘lchi” ko‘krak nishoni sohiblari, Toshkent shahridagi temir yo‘l korxonalari ishchi-xodimlari, faxriy temiryo‘lchilar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.
Temir yo‘l transporti xodimlari bu yilgi kasb bayramini mamlakatimiz mustaqilligining 35-yilligi oldidan xalqimiz orzu qilgan katta loyihalarning hayotga tatbiq etilishi bilan kutib olishmoqda. An’anaga muvofiq bu yilgi ayyom shukuhiga hamohang tarzda Prezidentimiz temir yo‘lchilarga bayram tabrigini yo‘lladi. Tantanali tadbirda davlatimiz rahbarining qutlovi o‘qib eshittirildi.
Unda qayd etilganidek, soha xodimlari fidokorona mehnatlari bilan yangi O‘zbekistonning iqtisodiy qudratini oshirish, transport – kommunikatsiya tizimini izchil rivojlantirish va xalqimiz farovonligini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. So‘nggi yillarda sohada olib borilayotgan islohotlar ulkan natijalar bermoqda.
Temir yo‘l tizimida tatbiq etilayotgan yirik investitsiya loyihalari asosida milliy logistika tizimi samaradorligi oshirilmoqda. Xususan, Samarqand – Urgut, Bayt qo‘rg‘on – Parkent, Urganch xalqaro aeroporti – Xiva temir yo‘l tarmoqlari barpo etilgani. Navoiy – Buxoro uchastkasining ikkinchi elektrlashtirilgan liniyasi ishga tushirilgani, bir qator istiqbolli yo‘nalishlarda esa qurilish ishlari jadal davom ettirilayotgani tabrikda alohida qayd etildi.
Muhtaram Prezidentimizning bayram tabrigini soha xodimlari katta hayajon va quvonch bilan tinglashdi. Marosimda Transport vaziri I.Mahkamov hamda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Z.Narzullayev ham so‘zga chiqib, barcha temiryo‘lchilarni kasb bayrami bilan tabriklashdi.







