Jurnalistlar “Toshkent” aeroportining zamonaviy yuk terminali faoliyati bilan tanishdi
2026-07-17 17:15:00 / Yangiliklar

Taqdimotda qayd etilganidek, 2025-yilda ishga tushirilgan yangi yuk terminali havo yuk tashish hajmining ortib borayotgan ehtiyojlarini qoplash maqsadida barpo etilgan. Yangi majmua yiliga 120 ming tonnagacha yukni qayta ishlash quvvatiga ega bo‘lib, bu avvalgi terminal imkoniyatidan bir necha barobar yuqori. 2025-yilda terminal orqali 88 ming tonnadan ortiq, 2026-yilda esa 92 ming tonna yuk va pochta jo‘natmalarini qayta ishlash rejalashtirilgan.
Joriy yilning birinchi yarmida terminal orqali 48 ming tonnadan ziyod yuk va pochta jo‘natmalari qayta ishlanib, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 33 foizdan ortiq o‘sishni qayd etdi. Bugungi kunda terminal bir sutkada 500 tonnagacha yukni qayta ishlash imkoniyatiga ega bo‘lib, yuklarni havo kemasidan qabul qiluvchiga topshirishning o‘rtacha muddati 3–4 soatni tashkil etmoqda.
Shuningdek, terminal hududida umumiy maydoni 6 ming kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan qo‘shimcha yopiq ayvonlar qurilishi davom etmoqda. Mazkur loyihalar yakunlangach, import va eksport yuklarini qayta ishlash samaradorligi hamda terminalning o‘tkazuvchanlik quvvati yanada oshiriladi.





