Respublika yuk avtomobillari parkini yangilash va modernizatsiya qilish maqsadida imtiyozlar taqdim etiladi
2026-07-08 12:10:00 / Yangiliklar

Qarorga ko‘ra, yuk tashish uchun mo‘ljallangan, ishlab chiqarilganiga 5-yildan oshmagan quyidagi transport vositalarini (samosvallardan tashqari) 2027-yil 31-dekabrga qadar O‘zbekiston Respublikasiga import qilishda ularga bojxona bojining va utilizatsiya yig‘imining nol stavkalari qo‘llaniladi:
▫️"Yevro-5" va undan yuqori ekologik toifa talablariga mos keladigan avtotransport vositalari (TIF TN kodlari 8701 21, 8701 22, 8701 23, 8701 24);
▫️to‘la vazni 15 tonnadan ortiq yoki yukxonasining ichki hajmi kamida 76 metr kub bo‘lgan yarim tirkamalar (TIF TN kodi 8716 39).
Avtotransport vositalari bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazilgan sanadan e’tiboran uch yil mobaynida eksportga realizatsiya qilinganda va/yoki qayta jihozlash TIF TN kodi o‘zgarishiga olib kelganda (yoqilg‘i turini o‘zgartirish bilan bog‘liq qayta jihozlash holatlari bundan mustasno), qarorda nazarda tutilgan imtiyozlar bekor qilinadi hamda tegishli to‘lovlar belgilangan tartibda undiriladi.
Shuningdek, qaror bilan Yevropa standartlariga mos keladigan mazkur yuk avtotransport vositalarini import qilishda ularni majburiy sertifikatlashdan vaqtinchalik ozod qilish bo‘yicha tegishli qaror qabul qilinishi belgilandi.
