Yo‘lovchi tashish faoliyati qonuniyligini ta’minlash e’tiborda
2026-07-08 10:50:00 / Yangiliklar

Yo‘lovchi tashishga qo‘yilgan talablar ijrosi hamda sohada qonun ustuvorligini ta’minlash, aholiga yo‘nalishli taksi xizmatlarini ko‘rsatayotgan korxonalar tomonidan tender talab shartlarining bajarilish holatining doimiy nazoratini ta’minlash orqali sohada qonuniy faoliyat olib borayotgan tadbirkorlar manfaati himoya qilib kelinmoqda.
Transport vazirligi Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan yig‘ilishda Avtomobil va jamoat transporti departamenti, Transport nazorati inspeksiyasi, Toshkent viloyati transport boshqarmasi mutasaddilari hamda "Road Pride Logistik" MCHJ va "SEVEN TRANS" MCHJ rahbarlari ishtirok etishdi.
Yig‘ilishda sohada qonuniy faoliyat olib borayotgan tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ular faoliyatida uchrayotgan muammolarni o‘z vaqtida bartaraf etish, korrupsiyaning oldini olish hamda qonunchilikka rioya etish madaniyatini yuksaltirish bilan bog‘liq masalalar muhokama etildi.
Yig‘ilish davomida korxona rahbarlariga yo‘nalishlarda faoliyat yuritayotgan haydovchilarga yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha har kunlik yo‘riqnoma o‘tkazish tartibi hamda yo‘lovchi tashish yo‘nalishlari bo‘yicha elektron ochiq tenderlarni tashkil etishga oid amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar mazmun-mohiyati yuzasidan tushuntirishlar berildi.




