Nogironligi bo‘lgan shaxslarga «to‘siqsiz muhit» yaratish dolzarb masala
2026-06-16 18:00:00 / Yangiliklar

Ayni shu nuqtayi nazardan nogironligi bo‘lgan shaxslar mamlakatning siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy hamda madaniy hayotida faol ishtirok etishi uchun zarur huquqiy, tashkiliy shart-sharoitlar yaratilmoqda. Xususan, nogironligi bo‘lgan shaxslarning ta’lim olishi, ilm o‘rganishi, kasb tanlashi, hunar o‘rganish borasidagi huquqlarini amalga oshirish masalasida Mehnat kodeksiga, Ta’lim to‘g‘risidagi qonunga yangi me’yorlar kiritildi.
Bundan tashqari, Shaharsozlik kodeksida nogironligi bo‘lgan shaxslarning erkin harakatlanishi uchun, ijtimoiy obyektlarga emin-erkin kirib chiqishi uchun sharoit yaratish masalalari ko‘zda tutildi. Binolarni qurishda, loyihalashtirishda ham nogironligi bo‘lgan shaxslarning harakatlanishini hisobga olish alohida me’yor sifatida belgilandi.
Aynan nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyat hayotida to‘laqonli ishtiroki bevosita transport infratuzilma obyektlarining qanchalik ularga moslashganligiga bog‘liq. Ayni shu jihatni inobatga olgan holda mamlakatimizdagi barcha aeroport, temir yo‘l vokzallari, avtoshohbekatlar hamda metropolitenda nogironligi bo‘lgan va jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar uchun alohida sharoit yaratilmoqda.
Transport vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi tomonidan qulay va inklyuziv shahar transport tizimini rivojlantirish borasida Toshkent metropolitenida amalga oshirilayotgan ishlar holati yuzasidan jamoatchilik monitoringi o‘tkazildi. Jamoatchilik monitoringida Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi vakillari, Transport vazirligi, Toshkent shahar transport Bosh boshqarmasi hamda Toshkent metropoliteni mutasaddilari ishtirok etishdi.
Dastlab, Toshkent metrosining yer osti bekatlarida nogironligi bo‘lgan shaxslarga “to‘siqsiz muhit” yaratish maqsadida bekatlarning kirish-chiqish qismlariga o‘rnatilgan maxsus elektron ko‘targich panduslarning ishlash holati atroflicha o‘rganildi.
Hozirgi kunga qadar Toshkent metropoliteni 23 ta bekatiga jami 69 dona maxsus elektron pandus qurilmalari o‘rnatilgan bo‘lib, shundan 38 tasi ishga tushirilgan holda texnik sinovdan o‘tkazilmoqda. Qolgan qurilmalarda esa o‘rnatish, sozlash hamda sinovdan o‘tkazish ishlari davom etmoqda. Mazkur loyiha Toshkent shahar hokimligining “Yagona buyurtmachi xizmati injiniring” kompaniyasi buyurtmasi asosida amalga oshirilmoqda. Loyiha pudratchi tashkiloti sifatida esa “Texnopark” MCHJ faoliyat yuritmoqda.
Monitoring davomida hozirda ishga tushirilgan elektron ko‘targich panduslarda ham kamchiliklar mavjud ekanligi aniqlandi. Barcha qurilmalarning to‘liq o‘rnatib bo‘linmaganligi, qurilish-montaj hamda sozlash ishlari yakuniga yetkazilmaganligi ko‘plab e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda.
Ushbu jihatlarni inobatga olgan holda Transport vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi tomonidan buyurtmachi va pudrat tashkilotlariga tegishli so‘rov yuborilib, idora rahbarlarining bevosita ishtirokida jamoatchilik eshituvi o‘tkazilishi belgilandi. Monitoring davomida Toshkent metropolitenidan foydalanuvchi yo‘lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida bekatlarda tashkil etilgan ona va bola xonasi hamda hojatxonalar faoliyati ko‘zdan kechirildi.
Shuningdek, kengash a’zolari metropoliten bekatlarida birinchi yordam qutichalari mavjudligi va xodimlarining birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish ko‘nikmalariga, ishchi xodimlarga yaratilgan mehnat sharoitlari bilan yaqindan tanishdi.







