Buxoroda jamoat transporti parki yangilanmoqda
2026-06-12 16:00:00 / Yangiliklar

Xususan, Buxoroda qulay transport tizimini yaratish, yo‘llardagi tirbandliklarni kamaytirish, ekologik tozalik va xavfsizlikni ta’minlash maqsadida jamoat transporti harakat tarkibini yangilashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Buxoro viloyati Transport boshqarmasi viloyatdagi salohiyatli tadbirkorlik subyektlari bilan hamkorlikda joriy yilda 175 dona avtobus xarid qilish rejasini belgilagan.
Bugungi kunga kelib, “Bux Pit-Stop NGP” korxonasi tomonidan 25 dona Yutong, avtobuslar xarid qilib viloyatga olib kelindi va brutto shartnomasi asosida yo‘nalishlarga joylashtirildi.
“Progress Mega Trans” MCHJ va “Buxaraneveshservis” MCHJ tomonidan “Zongtong” va “Yutong” kompaniyalarida ishlab chiqarilgan shahar tipiga moslashtirilgan katta hajmdagi 36 dona avtobuslar xarid qilib olinib viloyatga olib kelingan.
Bundan tashqari, “Miramax Travel” MCHJ tomonidan “Zongtong” kompaniyasi bilan shahar tipiga moslashtirilgan katta hajmdagi 16 dona avtobuslar xarid qilish bo‘yicha shartnoma imzolanib, shartnomaga muvofiq mablag‘lar ko‘chirib berilgan. Hozirgi vaqtda avtokorxona tomonidan bojxona rasmiylashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.
“Miramax Turist Trans” korxonasi tomonidan “Yutong” kompaniyasidan shahar tipiga moslashtirilgan katta hajmdagi 24 dona avtobuslar xarid qilish bo‘yicha shartnoma imzolanib bo‘nak to‘lovlari to‘lab berilgan.
Hozirgi vaqtda zavod tomonidan avtobuslar ishlab chiqarilib yetkazib berish jarayonida. Loyihaning ikkinchi bosqichida 3-chorak yakuniga qadar qolgan 74 dona avtobuslar viloyatga yetib kelishi belgilangan.

