Murojaatlar ijro holati Jamoatchilik kengashi nazoratida
2026-06-10 12:00:00 / Yangiliklar

Kengash raisi Sayyora Xodjayeva rahbarligida o‘tkazilgan yig‘ilish kun tartibiga muvofiq, Transport vazirligiga jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushayotgan murojaatlar bilan ishlash holati atroflicha muhokama etildi.
Barchaga ma’lum mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar doirasida davlat organlari rahbarlarining aholi bilan ochiq muloqoti, ularning muammo va takliflarini bevosita o‘rganishi hamda amaliy yechimlar topishiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak” tamoyili asosida transport sohasida ham murojaatlarni manzilli ko‘rib chiqish, ularning kelib chiqish sabablarini tahlil qilish va takroriy murojaatlarning oldini olish yuzasidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Eng muhimi mazkur jarayonlar ustidan ta’sirchan jamoatchilik nazorati o‘rnatilganligi alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Xususan, yig‘ilishda Transport vazirligiga 2026-yilning o‘tgan besh oyi davomida kelib tushgan jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari hamda ularning ko‘rib chiqilish holati yuzasidan Murojaatlar bilan ishlash bo‘limi bosh mutaxassisi Qurbonboy Taxirov hisoboti eshitildi.
Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, murojaatlar bilan ishlash faqat hisobotlar yoki rasmiy ko‘rsatkichlar bilan emas, balki aniq natija va inson taqdiridagi hamda joylardagi ijobiy o‘zgarishlar bilan baholanadi.
Shu nuqtayi nazardan, Jamoatchilik kengashi a’zolari tomonidan aholi murojaatlari bilan ishlash jarayonida ijtimoiy tarmoqlarda hamda OAV va jamoatchilik faollari tomonidan ko‘tarilayotgan masalalarga ham alohida ahamiyat qaratish zarurligi ta’kidlandi.
Mazkur murojaatlarda ko‘tarilgan masalalarning ijrosi bo‘yicha bevosita sohaviy tashkilotlar rahbarlari ishtirokida jamoatchilik eshituvlarini tashkil etish belgilandi.
Kengash a’zolari tomonida transport xizmatlarini ko‘rsatuvchi sohaviy tashkilotlarda yo‘lovchilarning huquq va manfaatlari himoyasi, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish yuzasidan aeroport, temir yo‘l vokzallari, avtovokzal, avtostansiyalar, metropoliten hamda shahar avtobuslarida jamoatchilik nazorati tadbirlarini o‘tkazish reja-grafigi tasdiqlandi.
Yig‘ilish davomida Jamoatchilik kengashi tarkibini qayta ko‘rib chiqish masalasi ham muhokama etildi. Kengash faoliyati samaradorligini yanada oshirish, uning tarkibiga soha mutaxassislari va faol jamoatchilik vakillarini jalb etish bo‘yicha takliflar bildirildi hamda munosib nomzodlar ko‘rib chiqildi.
Shu bilan birga, Jamoatchilik kengashi faoliyatining 2026-yil dastlabki besh oyi sarhisob qilinib, 2026-yil ikkinchi yarim yilligiga mo‘ljallangan ish rejasi muhokamasi o‘tkazildi hamda aniq vazifalar va amaliy tadbirlar ketma-ketligi belgilab olindi.
Yig‘ilish yakunida kun tartibidagi masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilinib, belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berildi.







