Faxriylarimiz hamisha e’zozda
2026-06-04 20:40:00 / Yangiliklar

Transport vazirligi Faxriylar kengashi vazirlik Birlashgan kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan hamkorlikda «Faxriylarimiz hamisha e’zozda» mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etdi.
Tadbir doirasida faxriylar poytaxtimizda barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi. Tashrif davomida ishtirokchilar markazda yaratilgan zamonaviy sharoitlar, boy tarixiy ekspozitsiyalar hamda innovatsion texnologiyalar asosida tashkil etilgan ko‘rgazmalar bilan yaqindan tanishdilar.
Majmua nafaqat o‘zining boy me’moriy yechimlari, balki o‘zidagi yuksak ma’naviy xazina bilan ham faxriylarda katta taassurot qoldirdi.
Majmuaga tashrifdan so‘ng tadbir to‘kin dasturxon atrofida davom etdi. Soha faxriylari va bir guruh nuroniylar uchun davraga osh tortilib, dildan suhbat avj oldi.
Tadbir davomida transport tarmog‘ida, jumladan, avtomobil transporti sohasida ko‘p yillar samarali faoliyat ko‘rsatgan T.Xoliqovga, B.Davletovga va “Uzbekistan airways” AJda uchuvchi lavozimida xizmat qilgan “O‘zbekiston Qahramoni” Z.Saidazimovga Transport vazirligi nomidan esdalik sovg‘alari topshirildi.








