Kichkintoylar uchun unutilmas sayohat
2026-06-01 13:00:00 / Yangiliklar

Yangi O‘zbekistonda ham o‘g‘il-qizlarimiz ana shunday mehr-muhabbat, ulkan g‘amxo‘rliklar og‘ushida voyaga yetmoqda.
Mamlakatimiz bo‘ylab 1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan tashkil etilayotgan turli bayram tadbirlarida ham asosiy e’tibor ertamiz egalarining imkoniyat va salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ularning vaqtini mazmunli va maroqli tashkil etishga qaratilmoqda.
Sana munosabati bilan Transport vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi hamda birlashgan kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan vazirlik hamda uning tizim tashkilotlari xodimlari farzandlari uchun ekskursiya tashkil etildi.
Ekskursiya doirasida bolajonlar Toshkent xalqaro aeroportining mahalliy terminalida ATR-72, L-410 samolyotlari hamda Airbus H-130 vertolyoti, shuningdek, Havodagi harakatni boshqarish avtomatlashtirilgan tizimining Toshkent Markazi va boshqaruv minorasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Milliy aviakompaniya o‘quv-mashq markazi trenajyor majmuasidagi “Il-114-100”,“A-320”, “Boeing – 767” samolyotlarining mukammal “Full-flight” simulyatorlari ayniqsa bolajonlarda katta taassurot qoldirdi.
Ekskursiya davomida bolajonlar aviatsiya olami bilan yaqindan tanishibgina qolmay, kelajakda shu soha egasi bo‘lishga ilhomlanishdi.









