O‘zbekiston va Gonkong aviaqatnovlarni rivojlantiradi
2026-05-08 15:00:00 / Yangiliklar

Muzokaralar davomida aviatsiya hukumatlari O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘lovchi tashish aviaqatnovlarini yo‘lga qo‘yish, amaldagi yuk tashish qatnovlari hajmini oshirish, shuningdek, O‘zbekistondan Gonkong va Yevropa bog‘lovchi havo ko‘prigi sifatida foydalanishni yanada maddalashtirish mexanizmlarini muhokama qilishdi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston va Gonkong aviatsiya hukumatlarining ilk uchrashuvi 2024-yil 21-25-oktyabr kunlari Malayziyaning Kuala-Lumpur shahrida bo‘lib o‘tgan Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti ICAOning “ICAO Air Services Negotiation Event-ICAN 2024” tadbiri doirasida tashkillashtirilgan edi.
Mazkur uchrashuvda ICAO talablari va xalqaro standartlari (Chikago konvensiyasining 83-moddasi, ICAO Doc 9587, Doc 6685 va Doc 9511) hamda amaldagi milliy qonunchilik talablariga muvofiq, ikki davlat o‘rtasida aviaqatnovlar to‘g‘risidagi bitim loyihasi matnini ishlab chiqish, boshlang‘ich bosqichda 2024-yildan boshlab charter asosida aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish, yuk va yo‘lovchi oqimi shakllantirish orqali bitim imzolash uchun talabni yaratishga kelishilgan hamda tegishli hujjat imzolangan edi.
Ma’lumot uchun: 2024-yilda Gonkong tomoni bilan erishilgan kelishuvdan so‘ng Aerologic (Germaniya), Air Atlanta Icelandic (Islandiya), Centrum Air (O‘zbekiston), Ethiopian Airlines (Efiopiya), Fly Khiva (O‘zbekiston), GeoSky (Gruziya), MNG Airlines (Turkiya), National Air Cargo (AQSH), One Air Limited (Buyuk Britaniya), Silkway West Airlines (Ozarbayjon), Sky Guard (O‘zbekiston), South African Consultancy (JAR), Spacebee Airlines (O‘zbekiston), Turkish Airlines (Turkiya), Uzbekistan Airways (O‘zbekiston), SMA CGM Air Cargo (Fransiya), Air Belgium SA (Belgiya), European Air Transport (Germaniya), Hong Kong Air Cargo (Gongkong) aviakompaniyalariga O‘zbekistonning Toshkent, Namangan va Navoiy xalqaro aeroportlariga va ushbu aeroportlar orqali uchinchi davlatlar shaharlariga (Gruziya, Ozarbayjon, Yevropa, Yaqin Sharq, Afrika, Amerika davlatlari) 5-havo erkinligida charter asosida yuk tashishi bo‘yicha bir qator ruxsatnomalar berildi. Natijada 2025-yilda ikki davlat o‘rtasida 630 ta, 2026-yilning yanvar-aprel oylarida 296 ta O‘zbekistonga hamda uchinchi davlatlarga transfer yuk tashuv aviaqatnovlari amalga oshirildi. Mazkur aviaqatnovlar yuqorida qayd etilgan muntazam aviaqatnovlarni boshlash uchun tegishli bitim loyihasini ishlab chiqish va imzolash uchun zamin yaratdi.
Muzokaralar jarayonida O‘zbekiston tomonidan tayyorlangan ikki davlat o‘rtasida aviaqatnovlar to‘g‘risidagi bitim loyihasining matni Gonkong tomoniga taqdim etildi, joriy yil iyun oyi yakuniga qadar Gonkong tomonidan bitim loyihasini ko‘rib chiqib parafirlash va imzolash uchun tayyorlashga kelishildi.
Muzokaralar yakunida davlatlararo bitim imzolanganiga qadar ikki davlat o‘rtasida tayinlangan aviakompaniyalar tomonidan charter asosida muntazam yo‘lovchi va yuk tashish aviaqatnovlarini yo‘lga qo‘yish, ikkitomonlama manfaatlarga mos keluvchi paritetlar asosida 5-havo erkinligida parvozlarga ruxsat berish, yuk tashish bo‘yicha 7-havo erkinligini berish huquqlarini bitim imzolanganiga qadar ko‘rib chiqish, 3 va 4- havo erkinligida cheklanmagan miqdorda yo‘lovchi va yuk tashish parvozlarini amalga oshirish huquqini beruvchi kelishuv imzolandi.
Tashrif davomida O‘zbekiston aviatsiya hukumati vakillari “Hong Kong International Aviation Academy” aviatsiya akademiyasiga tashrif buyurdi va uning o‘quv markazi infratuzilmasi bilan tanishdi.
Hong Kong International Aviation Academy 2016-yilda tashkil etilgan bo‘lib, shu kunga qadar 418 mingdan ortiq bitiruvchilarni chiqargan. Akademiya Havo harakatini boshqarish, Aeroport operatsiyalari va inqirozlarni boshqarish, Aviatsiya xavfsizligi, Uchuvchilar va aviatsiya muhandisligi yo‘nalishida mutaxassislarni tayyorlaydi. Mutaxassislarni tayyorlash jarayoni qisqa muddatli kurslar, bakalavr va magistr yo‘nalishlarida amalga oshiriladi. Bundan tashqari akademiya aviatsiya sohasida loyihalarni amalga oshirish yuzasidan konsalting xizmatlarini ham ko‘rsatib keladi. Akademiya konsalting va o‘quv xizmatlari geografiyasi bo‘yicha Osiyo va Afrikaning 16 ta davlatlariga xizmat ko‘rsatib keladi.
Mazkur akademiya rahbariyati bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida “Hong Kong International Aviation Academy” bilan yiliga 2 tadan O‘zbekistonlik aviatsiya mutaxassislarini akademiya tomonidan taqdim etiladigan grantlar asosida “Havo transportini boshqarish va Aviatsiya xavfsizligini boshqarish” yo‘nalishlarida magistratura bosqichida o‘qitishga kelishildi.

