Buxoro aeroportini DXSH asosida qurish va boshqarish bo‘yicha tender e’lon qilindi
2026-03-11 18:00:00 / Yangiliklar

Loyiha Buxoro tumanidagi "Qumsulton" massivi hududida yangi aeroport majmuasini barpo etishni nazarda tutadi. Yangi aeroport ham ichki, ham xalqaro reyslarga xizmat ko‘rsatadi va mintaqaning asosiy transport uzellaridan biriga aylanadi.
2025-yil yakunlariga ko‘ra, Buxoro xalqaro aeroporti 574 036 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatgan bo‘lib, yo‘lovchi oqimining asosiy qismini xalqaro reyslar tashkil etdi.
Loyiha doirasida quyidagilarni barpo etish rejalashtirilgan:
Maydoni 48 500 m² bo‘lgan yo‘lovchi terminali. Bunda terminalning o‘tkazish quvvati xalqaro reyslarda soatiga 1 200 yo‘lovchi, ichki reyslarda esa 400 yo‘lovchini tashkil etadi;
Keytering binosi, avtoturargohlar va yuklarga xizmat ko'rsatish maydonlari;
Sig‘imi 8 000 m³ bo‘lgan yoqilg‘i quyish majmuasi.
Aerodrom infratuzilmasi davlat boshqaruvida qoladi. Xususiy sherik esa yo‘lovchi terminali va unga tegishli infratuzilmani qurish hamda undan foydalanish uchun mas’ul bo‘ladi.
Tenderda ishtirok etish uchun shu kabi loyihalarni amalga oshirishda tajribaga ega barcha manfaatdor kompaniyalar taklif etiladi.
Batafsil ma’lumot olish uchun:
Elektron pochta: tender.info@uzairports.com
Telefon: (+998) 55 501 47 47 (ichki raqamlar: 4598, 4617)


